qarashlar
So‘nggi ikki yarim oy ichida Pokistonning Parachinor shahrida tegishli tibbiy yordam hamda oziq-ovqat yetib bormasligi oqibatida 100 dan ortiq bola vafot etgan.
Geo TV telekanalining mahalliy hokimiyatga tayanib xabar berishicha, qabilalararo mojaro tufayli yo‘llar to‘silgani sababli mahalliy aholi zaruriy ehtiyojlardan foydalana olmayapti.
Qayd etilishicha, oktyabr oyida shia qabilasi vakillari o‘zlariga raqib deb bilgan — sunniylardan iborat karvonga hujum qilib, 10 dan ortiq kishini o‘ldirganidan so‘ng, xavfsizlik chorasi sifatida shaharga olib boruvchi yo‘llar, shu jumladan, Peshovar—Qurram asosiy magistrali yopib qo‘yilgan.
Telekanalning aniqlik kiritishicha, mahalliy aholi olti kundan buyon yo‘llarning to‘sib qo‘yilishiga qarshi norozilik bildirib, aloqa yo‘llarini tiklash uchun shoshilinch choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Xaybar-Paxtunxva viloyati bosh vaziri yordamchisi Muhammad Ali Sayfning aytishicha, Parachinor yo‘lini qo‘riqlash uchun maxsus politsiya bo‘linmasi tuzilgan.
Hukumat bemorlarni ko‘chirish va dori-darmonlarni yetkazib berish uchun vertolyotlardan foydalanmoqda, biroq mahalliy aholi buni yetarli deb hisoblamayapti. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda bevosita to‘qnashuvlarda 130 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Comments
0 comment