qarashlar
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan koronavirusga test natijasi ijobiy bo‘lgani sababli Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan MDH davlatlarining norasmiy sammitida ishtirok etmaydi. Bu haqda siyosatchining o‘zi ma’lum qildi.
Armaniston hukumati rahbarining Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtiroki bo‘yicha hali qaror qabul qilinmagan.
25-dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburgda MDH yetakchilarining yangi yil arafasidagi norasmiy sammitini o‘tkazadi. Uchrashuvda Rossiyaning MDHdagi raisligi yakunlanadi. Bir yilga raislik Tojikistonga o‘tadi. Tadbirning rasmiy qismi yakunlangach, davlat rahbarlari o‘rtasida norasmiy muloqot rejalashtirilgan.
26-dekabr kuni “Igora”da Yevrosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda YOII doirasida integratsiyani chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi. Tadbirda Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlari, shuningdek, Kuba vakillari ishtirok etadi. Umumiy gaz va neft bozorini yaratish, shuningdek, 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar, shu jumladan Eronga YOIIda kuzatuvchi davlat maqomini berish masalalari muhim mavzular bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburgga yetib bordi. “Pulkovo” xalqaro aeroportida prezidentni Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Barcha tadbirlar Leningrad viloyatidagi “Igora” tog‘ chang‘i kurortida bo‘lib o‘tadi.
Comments
0 comment