qarashlar
O‘zbekistonda har yili eng kamida 2 million kilovatt/soat elektr energiya ishlab chiqaruvchi kompaniyaga birinchi “yashil energiya” sertifikatlari topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga “O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati rahbari Ravshan Boyqulov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, tadbir davomida jamiyatda olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari, barqaror rivojlanish bo‘yicha erishilgan yutuqlar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar to‘g‘risida fikr almashilgan. Kompaniya vakillari tomonidan barqaror rivojlanish, ijtimoiy, ekologik yo‘nalishlarda erishilgan yutuqlar bo‘yicha taqdimot qilingan.
Prezidentning 2023-yil 12-maydagi “Yashil energiya sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-iyuldan boshlab “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi.
Joriy hisob-kitoblarga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida 53 ta GES mavjud bo‘lib, umumiy gidroenergetik quvvati 2 225 MVtga teng. GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqqan holda, jamiyat tomonidan yiliga 7 million dona “yashil energiya” sertifikatlari birja savdoga chiqarilishi hamda talabgorlarga taqdim qilish imkoniyati mavjud. Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganini tasdiqlaydi.
2030-yilga borib iqtisodiyotda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 milliard kilovatt/soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.
Comments
0 comment