menu
O‘zbekistonda pedagoglarni kasbiy rivojlantirishning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlanishini tashkil etish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi — xodimlarning kasbiy kompetentligini zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirish, muntazam ravishda rivojlantirib borish imkoniyatini beruvchi tizim.

Prezidentning 2024-yil 21-iyundagi qaroriga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan boshlab uzluksiz kasbiy rivojlanish vertikal tizimi (vazirlik—malaka oshirish muassasasi—ta’lim tashkiloti) joriy etilishi belgilangan. U maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarining kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlariga asoslangan.

Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlari uchun ishdan ajralgan holda har besh yilda bir marta o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Rahbar kadrlar uchun malaka oshirish kurslari menejerlik o‘quv kurslari asosida, pedagog kadrlar va mutaxassislar uchun esa ularda zamonaviy malakalarni shakllantirishga qaratilgan variativ (tanlov) va invariant (majburiy) modullardan iborat ta’lim dasturlari bo‘yicha tashkil etiladi.

Hukumat qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlanishini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

U quyidagilarni belgilaydi:

Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning asosiy maqsadi — xodimlarning egallab turgan lavozimlari, mutaxassisligi yoki dars beradigan fanlari bo‘yicha kasbiy va pedagogik mahoratini doimiy ravishda o‘sib borishini, ularning ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, shuningdek, o‘qitishning interaktiv usullari bo‘yicha kasbiy bilimlari, malaka va ko‘nikmalari muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlashdan iborat.

Prezidentning 2024-yil 21-iyundagi qarori bilan Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda pedagogik mahorat markazlari tashkil etilgan.

Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida malaka oshirish va qayta tayyorlashning an’anaviy, muqobil hamda dual shakllari, shu jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘qitish joriy etilgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!