qarashlar
O‘zbekisiton Jinoyat kodeksining 244-moddasiga (ommaviy tartibsizliklar) tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Jinoyat kodeksining 244-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhomama qilindi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining 244-moddasi uchinchi qism bilan to‘ldirilib, unda ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun alohida javobgarlik choralari belgilanmoqda. Shu bilan birga, Jinoyat kodeksi 244-moddasining to‘rtinchi qismida ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarlik ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu modda yangi beshinchi qism bilan to‘ldirilib, unda o‘quvdan o‘tgan shaxs o‘z xohishi bilan o‘quvdan o‘tgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilab qo‘yilmoqda.
11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda bugungi kunda ommaviy tartibsizliklar mamlakatdagi tinchlikka putur yetkazuvchi, jamiyat osoyishtaligiga rahna soluvchi omil bo‘lib borayotgani ta’kidlangandi. Shu sababli, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslar jalb qilinib, bunday harakatlar keng moliyalashtirilmoqda.
Amaldagi qonunchilikda ommaviy tartibsizliklar tashkil qilganlik, ularda faol qatnashganlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, biroq ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik, ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish bilan bog‘liq faoliyatni moliyalashtirganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarlik mavjud emas.
Majlisda qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, jinoyatlarni profilaktika qilishga xizmat qiladi.
2021-yil mart oyida Jinoyat kodeksining 244-moddasi fuqarolarni ommaviy tartibsizlik va zo‘ravonlikka da’vat qilganlik uchun sanksiya bilan to‘ldirilgandi.
Comments
0 comment