qarashlar
Nyu York politsiyasi Bruklindagi Koni Aylend Stiluell avenyu metro bekatida ayolni yoqib yuborgan erkakni qo‘lga oldi. Ayol olgan tan jarohatidan vafot etdi, deya BBC xabar berdi.
Politsiya komissari Jessika Tishning aniqlik kiritishicha, mazkur jinoyat 22-dekabr kuni soat 07:30 da, poyezd bekatga yaqinlashayotgan paytda sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda erkak o‘ziga notanish ayolga yaqinlashib, uning kiyimlarini o‘t oldirgich bilan yoqib yuborgan.
Politsiya ayolning hujum paytida uxlagan yoki uxlamaganini aniq bilmasa-da, uning harakatsiz bo‘lganligi ma’lum qilgan. Yondirishni amalga oshirgach, erkak poyezddan tushib ketgan, shundan so‘ng hodisa joyiga bekatdan politsiya xodimlari kelib, tutunni ko‘rgan.
Komissar sodir etilgan jinoyatni “inson qilishi mumkin bo‘lgan eng razil jinoyatlardan biri” deb ta’riflagan.
Politsiya gumonlanuvchi haqidagi ma’lumot uchun 10 ming dollar miqdorida mukofot e’lon qildi.
Erkakni qo‘lga olishda politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, uni poyezdlarning birida ko‘rganlarini aytgan maktab o‘quvchilari yordam berdi.
Shundan so‘ng politsiya xodimlari gumonlanuvchini poyezdlarda qidira boshladi va uni Manxettendagi mashhur Empayar Steyt Bilding osmono‘par binosi yaqinida joylashgan “Gerold skver” bekatida topishdi. CBS News xabariga ko‘ra, gumonlanuvchi 2018-yilda Gvatemaladan AQSHga kelgan.
Unga hozircha ayblov qo‘yilmagan, tergovchilar erkakni so‘roq qilishni davom ettirmoqda va hujum sababini aniqlashga harakat qilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchi va jabrlanuvchi tanish bo‘lmagan. Voqea sodir bo‘lishidan oldin ular bir-birlari bilan suhbatlashmagan.
Comments
0 comment