menu
“Nima uchun hududlarda ko‘p yuraman? Chunki men odamlarga ishonaman” — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Yakkasaroy tumanidagi “Dilbuloq” mahallasiga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Yakkasaroy tumanidagi “Dilbuloq” mahallasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yerda davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy mahalla idorasi qurildi. Ko‘p qavatli uylar yo‘lagi va ichki ko‘chalar, yerto‘lalar taʼmirlandi. Anhor bo‘yi tartibga keltirilib, obod sayilgohga aylantirildi. Ishkomlar, nihollar, piyodalar yo‘laklari mahallaga ko‘rk bag‘ishladi.

O‘tgan yili kuzda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 4 ming tup daraxt va buta ko‘chati o‘tqazilgan edi. Shu kunlarda ko‘p qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayhon, namozshomgul kabi gullar ekildi.

Dilbuloq mahallasida 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahalla xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uch yuzga yaqin savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.  Maktabgacha taʼlim tashkiloti, oilaviy poliklinika, ixtisoslashtirilgan sport maktabi, pedagogika instituti filiali faoliyat yuritmoqda.

“Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududga 360 ta videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan, ular mahalla profilaktika inspektori xizmat xonasiga ulangan.

O‘tgan yili 112 kishi ishga joylashtirilib, 181 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 23 ta loyihaga kredit va o‘nga yaqin fuqaroga subsidiya ajratilgan. Xususan, bu yerda tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, poligrafiya va kompyuter xizmatlari, kutubxona, oziq-ovqat va qandolat do‘konlari tashkil etilgan.

Davlat rahbari ushbu majmualarni ko‘zdan kechirdi, mahalla ahli bilan samimiy suhbatlashdi.

Shu boradagi manzilli chora-tadbirlar “mahalla yettiligi” va mutasaddilar bilan muloqotda muhokama qilindi.

Mutasaddilar iqtisodiy kompleks faoliyatini mahallalarda tashkil etish, shahar sharoitida odamlarni ish bilan taʼminlash vazifalari to‘g‘risida axborot berdi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!