menu
Namanganda 2023-yili davlat jamg‘armasi hisobidan 1,7 mlrd so‘m aliment to‘lab berildi
2022-yilda bu ko‘rsatkich 219,8 million so‘mni tashkil etgan

Namangan viloyatida 2023-yili “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi” hisobidan 76 kishiga 1 milliard 723,1 million so‘m to‘lab berildi. Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedov maʼlum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.

Foto: Xamdam Mamadaliyev

Qayd etilishicha, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 219,8 million so‘mni tashkil etgan.

“Yangi tashkil etilgan jamg‘arma ayrim qarzdorlar uchun imkoniyat taqdim etmoqda. Qarzdor ko‘rilgan choralarga qaramay aliment to‘lovlarini amalga oshirolmaganidan so‘ng davlat ijrochisi qaroriga asosan ushbu summa jamg‘arma mablag‘lari hisobidan undiruvchi nomiga ochilgan plastik kartaga o‘tkazib berilishi taʼminlanmoqda”, — deydi B.Mirzaahmedov.

Viloyatda voyaga yetmaganlarning moddiy taʼminotidan bo‘yin tovlayotgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, 2023-yilning o‘zida 1 077 nafar qarzdorga maʼmuriy jazo, shundan so‘ng ham xulosa qilmagan 94 nafariga esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Ixtiyorimizdagi ijro hujjatlari bo‘yicha 321 kishiga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning o‘zida ulardan 207 nafari topildi va 478 million so‘m qarzdorlik undirishi taʼminlandi. Ayrimlarini Toshkent shahri va boshqa viloyatlardan ham topib kelyapmiz. Jumladan, ikki nafar farzandi uchun aliment to‘lovlaridan bo‘yin tovlab, yashirinib yurgan qarzdor ota Qashqadaryo viloyatidan topildi”, — deydi MIB Namangan viloyat boshqarmasi boshlig‘i.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!