menu
Namangan va Andijonda qariyb 3 mlrd so‘mlik “svet”dan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda

Namangan viloyatining Chust tumani hamda Andijon shahrida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Chust tumanida “Ch.Sh.” MCHJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish binosida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan. 

Natijada jami 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Shuningdek, Andijon shahrida “B.b.” NTM mas’ul shaxslari va boshqalar ushbu ta’lim muassasasi binosini elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida shartnomasiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulagan.

Oqibatda jami 892,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Qashqadaryoda 177 mln so‘mlik gaz va “svet”dan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlangani xabar qilingandi.

Shuningdek, Qashqadaryoda elektrdan noqonuniy foydalangan korxona davlatga 1 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilgandi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!