menu
Mozambikda 6 mingga yaqin xavfli jinoyatchi qamoqdan qochib ketdi
Mahbuslarning qochishi muxolifat yuzaga keltirgan norozilik namoyishlari va yirik tartibsizliklar fonida yuz berdi

Mozambikdagi qatʼiy rejimli “Machava” qamoqxonasidan 6 mingga yaqin xavfli jinoyatchi qochib ketdi. Bu haqda mahalliy SABC radiostansiyasi xabar berdi.

Mahbuslar qo‘riqchilarni qurolsizlantirishga va Machava tumanida joylashgan qamoqxonani tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, qochib ketgan jinoyatchilar qamoqxona qo‘riqchilaridan tortib olgan qurollarga ega bo‘lishi mumkin.

Mamlakatdagi eng xavfli jinoyatchilar “Machava” qamoqxonasida saqlangan.

Mahbuslarning qochishi muxolifat yuzaga keltirgan norozilik namoyishlari va yirik tartibsizliklar fonida yuz berdi. Norozilik namoyishlari saylov komissiyasi 9-oktyabr kuni mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik va parlament saylovlarining dastlabki natijalarini eʼlon qilganidan so‘ng darhol boshlandi.

Saylov komissiyasiga ko‘ra, hukmron “Frelimo” partiyasi va uning davlat rahbari lavozimiga nomzodi Daniel Shapu saylovda g‘alaba qozongan. 23-dekabr kuni Mozambik Konstitutsiyaviy kengashi (KK) saylov komissiyasi maʼlumotlaridan unchalik farq qilmagan yakuniy ovoz berish natijalarini tasdiqladi va Shapuni Mozambikning yangi prezidenti deb eʼlon qildi.

Prezidentlik saylovlarida ikkinchi bo‘lgan muxolifat yetakchisi Venansio Mondleyn, shuningdek, “Renamo” partiyasi yetakchisi Osufu Momadi Konstitutsiyaviy sud qarorini tan olishdan bosh tortdi.

Ular o‘z tarafdorlarini norozilik namoyishi o‘tkazishga chaqirdi. Kecha 24-dekabr kuni Mozambik hukumati Konstitutsiyaviy sud prezidentlik va parlament saylovlarining yakuniy natijalarini eʼlon qilganidan keyin 24 soat ichida tartibsizliklarda kamida 21 kishi halok bo‘lganini maʼlum qildi.

Ayni paytda muxolifat 23-dekabrdan beri 84 nafar namoyishchi halok bo‘lganini eʼlon qilgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!