qarashlar
London markazida noma’lum erkak mashinasini tungi klubga kiraverishda to‘planib turgan odamlar ustiga haydadi. Bu haqida shahar politsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
To‘rt nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilgan, ulardan birining ahvoli og‘ir. Haydovchi 31 yoshli erkak qotillikka urinishda gumonlanib hibsga olingan. Politsiya hodisaning terrorizmga aloqasi yo‘qligini qayd etdi.
Hodisa bugun, 25-dekabrga o‘tar kechasi Shaftesberi avenyusida sodir bo‘lgan. Mashina qarama-qarshi bo‘lakda harakatlanayotgan bo‘lgan, Shundan so‘ng u kutilmaganda piyodalar yo‘lagidagi odamlar ustiga burib yuborgan.
Politsiyaning taxminicha, qo‘lga olingan erkak mazkur harakatni sodir etishdan oldin tungi klubda ro‘y bergan janjalda qatnashgan. Departament hodisa bo‘yicha tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.
Magdeburgdagi terakt
20-dekabr kuni tunda Germaniyaning Magdeburg shahridagi Rojdestvo yarmarkasida qora rangli BMW avtomobili katta tezlikda odamlar to‘planib turgan joyga bostirib kirdi.
Bild nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan. Turli darajada jarohat olganlar soni 205 nafarga yetgani aytilmoqda.
Mazkur teraktni sodir etgan shaxs 50 yoshli asli saudiyalik Tolib al Abdulmuhsin bo‘lib, u 2006-yilda Germaniyaga o‘qish uchun kelgan.
O‘zining vatani Saudiya Arabistonida u terrorizm, odam savdosi bilan bog‘liq ayblovlar bilan qidirilmoqda. Germaniya o‘z vaqtida Abdulmuhsinni saudiyaliklarga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgan.
Xitoyda avtoterrorist o‘lim jazosiga hukm qilindi
Xitoy sudi Changde shahrida mashinasini odamlar ustiga bostirib haydagan shaxsni o‘lim jazosiga hukm qildi.
2024-yilning 19-noyabr kuni Xuan Ven ismli shaxs Changde shahrining Dingcheng tumanidagi boshlang‘ich maktabga kiraverishda to‘planib turgan odamlar ustiga mashinasida borib urilgan edi. Hodisa oqibatida 18 nafar maktab o‘quvchisi jarohatlangan.
Comments
0 comment