menu
Klinik o‘lim, o‘zagartirilgan ism va “bomj stayl”. Osiyoning eng mashhur 15 xonandasi ro‘yxatiga kirgan Sevara Nazarxon 48 yoshda (foto, video)
“Har kimning sevimli rangi va kiyinish uslubi bo‘ladi. O‘sha osilgan, keng va to‘q rangdagi kiyimlarda o‘zimni erkin his qilaman. Bomj stayl menga qulay”, degandi xonanda

O‘zbekiston xalq artisti Sevara Nazarxonning ijodini nafaqat o‘zbek, balki xorijlik muxlislar ham kuzatib borishadi. U O‘rta Osiyoning eng mashhur xonandalaridan biri hisoblanadi. Xo‘sh kuni kecha 48 yoshni qarshilagan ijodkor haqida nimalarni bilasiz?

Klinik o‘lim…

Sevara Nazarxon 1976-yilning 23-dekabrida Andijon viloyatida tavallud topgan. U oilada to‘ng‘ich farzand, Davron ismli ukasi bor. Uning aytishicha, xonanda 23-dekabr kuni dunyoga kelgan va uning tug‘ilishi klinik o‘lim bilan kuzatilgan. Biroz vaqtdan so‘ng hayotga qaytgan Sevaraning hayotida o‘zgarish yuz berdi. Avvaliga hayotidagi bu mudhish hodisa sababli unga Umida deya ism qo‘ygan otasi, barcha ko‘rgiliklar ortda qolgach “qizim sevimli bo‘lsin” deya uni Sevara deb atagan.

Xudoyorxonning avlodi

Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarda uning ismi Umida Nazarxonova bo‘lgan, shu sababli maktabda uni hamma aynan Umida deb bilgan va bu Sevaraga yoqmagan. Pasport olayotganda u ismini Sevara deya qayd etgan. Xonanda bolaligida Farg‘onadagi buvisining uyiga ko‘p borgani va eng shirin xotiralari o‘sha yer bilan bog‘liq ekanligi haqida ham so‘zlab bergan. Tasdiqlangan manbalarga ko‘ra xonanda Qo‘qon xoni Xudoyorxonning 8-avlodi hisoblanadi.

Bozordagi choychi qiz

Xonanda bolalikdan sanʼatga qiziqqani, Sherali Jo‘rayevning muxlisi bo‘lgani va moliyaviy qiyinchiliklar bilan Toshkentga kelgani haqida so‘zlab bergan

— Bolaligimdan Sherali Jo‘rayevning muxlisi bo‘lganman. Uning qo‘shiqlarini eshitib, ulg‘ayganman desam ham bo‘ladi. Baʼzan mendan so‘rashadi, “Sizning auditoriyangiz, muxlislaringiz boshqalarnikidan farq qiladi. Bu natijaga qanday erishgansiz, ularni qanday topasiz” deb. Shu payt men ikki yil “Ippodrom”da choy sotgan davrlarimni eslayman. Bu hayotimdagi eng muhim va qo‘rqinchli damlar edi. Onam ikkimiz idishlarni yaxshilab yuvib, yoniga muz qo‘yib, choy sotardik. Bu bilan nima demoqchiman, men har doim oddiy odamlar qatorida bo‘lganman. Hozir ham shundayman, boshqalardan kuchli darajada farq qilaman, deb o‘ylamayman. Ko‘chada tanib qolishsa, ha, bu yoqimli holat, xursand bo‘laman. Lekin men ham boshqalar singari oddiy odamman, deydi xonanda.

Ketma-ket kelgan muvaffaqiyat

Sevara Nazarxon 1998-yili O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga kirgan. U talaba bo‘lish bilan birga yakkaxon ijrochi sifatida ham faoliyatini boshlagan. Undan avval “T-solo” va “Sideris” guruhlarida faoliyat yuritgan, ammo u yerdagi natijalardan ko‘ngli to‘lmagan.

2000-yili Sevara Nazarxonga nihoyatda omadli keldi. U “Nihol” nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritdi, oradan ikki yil o‘tib “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 2024-yilda esa “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Xonandaning “xorijlik” turmush o‘rtog‘i

Xonanda ijod bilan bo‘lib, turmush qurishga shoshilmaydi. U 30 yoshida Bahrom Pirimqulov bilan oila qurgan. Ularning to‘yi “O‘zbekiston” mehmonxonasining yozgi restoranida bo‘lib o‘tgan. Aslida kuyov o‘zbek, ammo o‘sha yillari xonandaning o‘zga millat vakili bilan oila qurgani haqida mish-mishlar tarqagandi.

Shishgan qo‘l va tanasidagi tatu

Xonanda Rossiyaning mashhur “Golos” loyihasida ishtirok etayotganida qo‘lini qayirib olgani va ochiq kiyinishni istamagani haqida shunday degan.

— Ayrimlar o‘ylaganidek, “Golos”da yopiq kiyinishimning sababi tanamga chizilgan tatu sabab emas. Baribir o‘zbekmiz va tabiatan ochiq kiyinishni yoqtirmayman. Libos menga qulay bo‘lishi kerak. Ochiq kiyimda o‘zimni noqulay his qilaman. “Golos”da qatnashishim katta maktab bo‘lgan, unda ishtirok etish osonmas. Ijodkorlar kuniga kamida 8 soat tinimsiz harakatda bo‘ladi. Basseynda mashg‘ulot o‘tkazilayotganda, tikka sakrab qo‘limni qayirib olganman. Tanam egiluvchan bo‘lgani uchun bir necha soatdan keyin jiddiy jarohat olganimni anglaganman. Qo‘lim shishib ketgan, o‘zim moshtabiblik qilib, suyakni solmoqchi bo‘lganman. Atrofimdagi insonlar esa shifoxonaga olib borishgandi, deydi Sevara Nazarxon.

“Bomj stayl menga qulay”

Jurnalistlardan biri xonandaga nega yorqin rangdagi kiyimlarni kiymasligi va bu uslub xorijda “bomj stayl” deb atalishini bilishi haqida so‘radi.

— Kiyimlarim juda ko‘p muhokama bo‘lgan. Inson avvalo kiygan libosida o‘zini erkin his qilishi kerak deb hisoblayman. Har kimning sevimli rangi va kiyinish uslubi bo‘ladi. O‘sha osilgan, keng va to‘q rangdagi kiyimlarda o‘zimni erkin his qilaman. Bomj stayl menga qulay, degandi xonanda.

“Bu haqda so‘ramang, jinim suymaydi”

Xonandaning shaxsiyati ham ijodi kabi o‘ziga xos. U boshqalarga o‘xshashni istamaydi. Hatto intervyu berish bilan bog‘liq qarashlari ham bor.

— Ijodimning ayrim pallalarida maʼmurimdan intervyu bermaslikni, bunaqa takliflarni qabul qilmasliklarini iltimos qilaman. Ijodimda biror yangilik bo‘lmaganida, yangi albom chiqayotgan bo‘lmasa, yangi konsert berayotgan bo‘lmasam, shunday qilaman.

Aravani quruq olib qochish bilan o‘quvchilarni ham, tinglovchilarni ham urintirib qo‘yishni istamayman. O‘zbekistonda juda ko‘pdan beri yangi albomim chiqqani yo‘q, konsert ham berganim yo‘q. Nimalar haqida intervyu berishim mumkin? “Siz yoqtirgan taom qaysi?”, “Choyni xush ko‘rasizmi, ayronnimi?”, “Kun tartibingiz qanday?” degan savollarga javob berishni yoqtirmayman.

Boshqa sanʼatkorlar haqida nima o‘ylashim va shunga o‘xshash savollarni ham jinim suymaydi. Aksincha o‘zbekcha albomim chiqsa yo Toshkentda konsert bersam, xursandchilik bilan o‘zim bu haqda so‘zlab beraman. Bitta narsaga ishoning va eslab qoling: o‘zim hammangizni intervyu berishga chaqiraman!, deydi xonanda Uzbekistan Airways jurnaliga bergan intervyusida.

40 yoshida ona bo‘lgan ijodkor

Sevara Nazarxon xorij sahnasiga intiladigan xonandalar toifasiga kiradi. U rang-baranglikni yoqtiradi. Shu bois til o‘rganishga intiladi va farzandlari ham xorij tillarida mukammal so‘zlashadi. Xonanda oilasi bilan Londonda yashagani uchun rus, ingliz va fransuz tillarida bemalol so‘zlashadi. Ayni damda o‘g‘li Dengiz Londonda tahsil oladi. Xonanda esa qizi Iymon Anvar bilan Toshkentda yashamoqda. Qizi Toshkentdagi xususiy maktabda tahsil oladi. U ingliz tilida bemalol so‘zlashadi, shu bois oilada shu tilda muloqot qilinadi. Darvoqe, xonanda qizini 40 yoshida dunyoga keltirgan.

— Hamma bolalarimni menga o‘xshatadi, ammo men ko‘proq ulardek bo‘lishni istayman. Hamisha ulardek mehribon, samimiy va sho‘x bo‘lishni istayman, deb yozadi u Instagram sahifasida.

Sevara Nazarxon 2000-yildan boshlab Londondagi Universal Music studiyasi hamda dunyoga mashhur xonanda va prodyuser Piter Gabriel bilan hamkorlik qilib kelmoqda. 2003-yildan boshlab xalq qo‘shiqlarini pop-folks yo‘nalishida ijro eta boshladi. Uning ijrosini to‘laqonli maqom ijrosiga qiyoslash sanʼatshunoslik nuqtayi nazaridan noto‘g‘ridir.

U “Golos”, “Vishka”, “Toch v Toch”, “Tansi so zvezdami” kabi rus teleloyihalarda ham qator yutuqlarga erishdi. Bundan tashqari, u o‘z ovozi bilan dunyoni zabt etgan osiyolik 15 nafar xonanda ro‘yxatidan ham joy olgan.

2024-yil xonanda uchun nihoyatda omadli keldi. U prezident qarori bilan “O‘zbekiston xalq artisti” mukofoti bilan taqdirlandi. Noyabr oyida esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin farmoni asosida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!