qarashlar
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi fuqarolar Xalq deputatlari viloyat kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhiga murojaat qilib, tuman hududidagi yo‘llar yaroqsiz holga kelib qolganini, bu haydovchilar va yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirayotganini aytib, shikoyat qilgan. Shundan so‘ng deputatlik guruhi a’zolari, partiya faollari bilan birgalikda tumanda bo‘lib yo‘llar holatini ko‘zdan kechirdi.
Bildirilishicha, mazkur yo‘lning tumandagi “Novobod” mahallasi hududidan o‘tgan 1265—1297 kilometr qismi ham yaroqsiz holga kelgan.
Yo‘lsozlarning mas’ullarga bildirishicha, M-39 Olmaota—Bishkek—Toshkent—Termiz avtomobil yo‘lining 3 kilometri 2006—2022-yillarda ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘rganilgan holat Dehqonobod tumani hokimligida muhokama qilingan.
Muhokamada so‘zga chiqqan deputatlar va partiya faollari so‘nggi yillarda mamlakatimizda yo‘l qurilishi borasida haydovchi va yo‘lovchilar uzog‘ini yaqin qilish, chor atrof havosi musaffoligini ta’minlash, yo‘llarni xalqaro me’yorlar darajasiga keltirish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida bir qator islohotlar amalga oshirilayotganini, biroq bu islohotlar tumanni chetlab o‘tayotganini alohida ta’kidladi. Deputatlar tomonidan yo‘l qurilishiga yangicha yondashuvlarni joriy qilib, sifatni oshirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektorni keng jalb qilish, yo‘l sifatini tekshiradigan zamonaviy texnikalarni boshqara oladigan malakali kadrlarni shakllantirib, yo‘llarni monitoring qilishning avtomatlashgan tizimini shakllantirish borasida ham amaliy takliflar bildirildi, — deydi deputatlar.
Tuman kengashi deputati G‘ofur Valiyev Dehqonobod — Boshchorbog‘ avtomobil yo‘lining talabga javob bermasligini aytmoqda.
Kichik o‘ra daryosi bo‘yidagi “Chambil” mahallasida yashayman. Bu yerdagi Usmon Yusupov, Beliboyli va Boshchorbog‘ hududida 12 ta mahalla bor. Dehqonobod –Boshchorbog‘ avtomobil yo‘lining 0-54 kilometr oralig‘i mashina va yo‘lovchilar yurishiga jiddiy muammo tug‘dirmoqda. Bahor oylarida sel kelsa, yo‘llarni yuvib ketadi va odamlar juda qiynalib qoladi. Shu hududda yashovchi odamlar nomidan 70 km yo‘lni ta’mirlab berishlarini so‘rab, bormagan, yozmagan joyimiz qolmadi. Kelishadi, ko‘rishadi, va’da berishadi. Ammo hech qanday o‘zgarish bo‘lmayapti. “Yo‘l azobi – go‘r azobi”, deyishgan ota-bobolarimiz. Yo‘lsozlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar pirovardida yo‘llar yo‘lovchiga azob emas, madaniy hordiq bag‘ishlashi zarur. Dehqonobodda hozircha buning aksi bo‘lyapti, — deydi xalq deputatlari Dehqonobod tuman kengashi deputati G‘ofur Valiyev.
Deputatning aytishicha, bugungi kunda mamlakatdagi chekka-chekka qishloqlarda ham ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish borasida ko‘plab xayrli ishlar qilinyapti. Ayniqsa, ko‘p yillar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan ichki yo‘llar ham ta’mirlanayotgani aholini mamnun etmoqda. Biroq yo‘lsozlar Boyqo‘rg‘on—Gumbuloq yo‘nalishidagi avtomobillar harakatlanishiga xalaqit qilayotgan, bahorgi toshqinlar natijasida yaroqsiz bo‘lib qolgan 8 kilometr yo‘lni ta’mirlashni xayollariga ham keltirishmayapti.
“Daryo” tuman hokimligi vakillari hamda Qashqadaryo yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi mas’ullariga izoh berishlari uchun minbar berishga tayyorligini bildiradi.
Comments
0 comment