menu
Ixtirochi talabalarning loyihalari (+video)
Elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri. Shu bois muqobil energiya manba

Qarshi muhandislik- iqtisodiyot institutining muqobil energiya manbalari yo‘nalishi 4-kurs talabasi Medxun Sohibov ham yosh bo‘lishiga qaramay o‘z oldiga muqobil energiya manbalarini yaratish, ularni amaliyotda qo‘llash borasida izlanishlar olib bormoqda.    

Masalan, Medxun boshchilik qilgan jamoaning “Engineering hydropower”, ya’ni muhandislik gidroenergetikasi loyihasi o‘tgan yilda o‘tkazilgan istiqbolli IT loyihalar “Ideathon” tanlovida eng yaxshi jamoa nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.    

– Loyihamizning ahamiyatli tomoni shundaki, u O‘zbekiston hududidagi  daryo va suv oqimining potensialini aniqlash hamda ularning ma’lumotlar bazasini shakllantirish orqali kichik gidroelektr stansiyalari loyihasini tuzish uchun xizmat qiladi, – deydi loyiha rahbari Medxun Sohibov. – Ya’ni jamoamiz bilan birgalikda yaratilgan “Engineering hydropower” nomli kichik mobil ilova o‘zida “til”, “kalkulyator”, “xarita” va “loyihalar” bo‘limlarini qamrab olgan. Masalan, “kalkulyator” bo‘limi orqali daryo va suv oqimining o‘zgarmas parametrlarini kiritish orqali potensial energiyasini hisoblash imkoniyati yaratilgan. “Xarita” bo‘limida esa ob’ektning lokatsiyasi va joyning nomi, rasmlari joylanadi. “Loyihalar” bo‘limida elektr energiyasi iste’moliga qarab kichik quvvatli GESlarning loyihasi taqdim etiladi va ularga beriladigan imtiyozlar ham taklif etiladi.    

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, mazkur loyiha kichik gidroelektr stansiyalari qurishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Shuningdek, Medxun “Solar panel washing system” (quyosh panellarini yuvish tizimi) nomli loyihasida quyosh panellarini yuvish qurilmalarini yaratgan va uning natijalarini hisoblagan.  

– Loyihada ko‘zda tutilgan ushbu tizim mamlakatimizdagi quyosh fotoelektr stansiyalarining atrof muhit ta’sirida ifloslanishi oldini olish orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda quyosh panellaridan uzoq muddat foydalanish imkonini yaratadi, – deydi M.Sohibov. – Yuvish qurilmalari ikki xil oddiy, ya’ni qo‘l kuchidan foydalangan holda va avtomatik (o‘zi avtomatik tozalaydi) bo‘ladi. Institutimizning muqobil energiya manbalari o‘quv-ilmiy poligonida tajriba o‘tkazib ko‘rdik. Ikkita texnik parametrlari bir xil turdagi quyosh elektr stansiyasining panel qismi tozalangan va tozalanmagan holda uning quvvatlaridagi farqni tekshirdik. Yuvilgan panellarning quvvati yuqori chiqdi.    

[gallery-16099]

Hozir Medxun boshchilik qilayotgan iqtidorli talabalardan tashkil topgan energetiklar jamoasi muqobil energiya manbalaridan foydalanishni yanada takomillashtirish, yashil hudud bo‘yicha mukammal loyihalarni yaratish ustida ishlamoqda. 

<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/hhA_iVE2CZ4" title="Ixtirochi talabalarning loyihalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida Medxun Sohibov kabi iqtidorli talabalar talaygina, eng muhimi ta’lim dargohida bu kabi ilmga chanqoq yoshlarning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun yetarlicha imkoniyat va qulayliklar muhayyo etilgan.    

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video),

O‘zA muxbirlari

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!