menu
Eron Rossiyaga raketa yetkazib bersa, G7 unga sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi
Ukraina 2023-yil iyul oyida Rossiya Eronning “Shahed” dronlaridan foydalanishni boshlaganini e’lon qilgandi

G7 davlatlari Eron Rossiyaga ballistik raketalar va boshqa harbiy texnologiyalarni yetkazib bersa, sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi. Bayonot G7 saytida e’lon qilingan.

Katta yettilik davlatlari Eron allaqachon Rossiyaga dronlar yetkazib berganini eslatib, bu holat davom etsa, “mintaqadagi beqarorlik kuchayishi”ni ta’kidladi.

21-fevral kuni Reuters agentligi Eronning olti harbiy mulozimiga tayanib, Tehron Moskvaga 400 ta yer-yer ballistik raketalarini yuborishga tayyorlanayotgani haqida xabar berdi. Bunga javoban AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Miller Eronga “tez va qattiq choralar” qo‘llash bilan tahdid qildi. Yevroittifoq agar raketa yetkazib bergani tasdiqlansa, Eronga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Ukraina 2023-yil iyul oyida Rossiya Eronning “Shahed” dronlaridan foydalanishni boshlaganini e’lon qildi. Dekabr oyida Yevropa Ittifoqi Erondagi beshta dron ishlab chiqaruvchi kompaniyaga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi. Shundan so‘ng Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyan uning mamlakati hech qachon Rossiyaga Ukrainada foydalanish uchun dronlar va raketalar yetkazib bermaganini aytdi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!