menu
“Bu o‘zbekistonliklarni ayovsiz talash degani” — faollar elektromobillar importiga cheklov qo‘yilishidan norozilik bildirmoqda
“Yorlig‘i BYD’mi yo GM — farqi yo‘q, ‘O‘zavtosanoat’ raqobatni mutlaqo istamaydi”, — deb yozadi iqtisodchi

“O‘zavtosanoat” AJ va BYD Europe B.V. hamkorligida tuzilgan BYD Uzbekistan Factory kompaniyasi O‘zbekiston hukumatidan elektromobillarning tartibsiz importini cheklashni so‘radi.

18-mart kuni imzolangan prezident qarorida 2024-yil 1-iyulgacha masʼul vazirlik va idoralarga kompaniya talabini bajarish yuzasidan takliflar berish topshirilgan. Bu orqali avtomobillarni xususiy tadbirkorlar va boshqa norasmiy dilerlar import qilishiga cheklov o‘rnatilishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar faollari importni cheklash raqobat yo‘qolishiga olib kelishidan xavotir bildirmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram kanalida ikki yil avvalgi xavotirlari reallashgani haqida yozdi.

Yorlig‘i BYD’mi yo GM — farqi yo‘q, “O‘zavtosanoat” raqobatni mutlaqo istamaydi. O‘zbek monopolistlari, oligarxlari va chinovniklarini nima birlashtirib turadi, bilasizlarmi? Ularning hammasi raqobatdan haddan tashqari qo‘rqishadi. Chunki raqobat ularning aslida kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi. “O‘zavtosanoat”, albatta, bu ro‘yxatda istisno emas. “O‘zavtosanoat” BYD bilan elektromobil ishlab chiqarish hamkorligi boshlangandayoq bu xavotirlarni bildirgan edik. Shu maʼnoda “mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani uchun tartibsiz importni cheklash” ko‘rinishidagi jimjimador formulirovkaning o‘zbekchasi bu BYD avtomobillarining importini faqat “O‘zavtosanoat” va uning sho‘balari yoki kelishib olingan oligarxlar amalga oshiradi, degani.

“O‘zavtosanoat” nazaridagi “tartibli import” bu Xitoyda 10 ming dollar bo‘lgan elektromobillar importini to‘xtatish, 15 ming dollarlik elektromobilni esa 30 ming dollardan bir qo‘lli qilib sotish, degani. Yaʼni o‘zbekistonliklarni ayovsiz talash, tinimsiz talash, tanlovsiz talash degani. Qolgani — JST, isteʼmolchilarning manfaatlarini himoya qilish degan vajlar, uzrku-ya, 30 yillik qurigan shimildiriq”, — deb yozgan iqtisodchi.

Yana bir iqtisodchi Mirkomil Xolboyev O‘zbekistondagi mahalliylashtirishni saraton kasalligiga qiyoslagan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev fikricha, “endi BYD ham O‘zbekistonda monopoliya o‘rnatmoqchi”.

Shuningdek, jurnalist Muhrim Aʼzamxo‘jayev: “Kutilganidek. O‘zbekistonda davlatning insofsiz avtomonopoliyasi yaqin orada tugamaydi”, deya fikr bildirdi.

Avvalroq “O‘zavtosanoat” Jizzax shahrida Xitoyning BYD kompaniyasi elektromobil va gibrid avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirayotgani xabar qilingandi. Loyiha qiymati 122,6 million dollarlik bo‘lib, shundan 4 million dollari “O‘zavtosanoat”ning o‘z mablag‘lari, 17,6 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan qoplanishi belgilangan. Loyiha doirasida 2023—2024-yillarda 50 ming dona BYD ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!