menu
Beshta hududda jami 16 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi
Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

O‘zbekistonning beshta hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 16,4 kg narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Samarqand tumani hududida harakatlanayotgan Nexia avtomashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Paxtachi tumanida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan E.M.ga tegishli 7 kg 230 gr “gashish” va 1 kg 289 gr “metamfetamin” giyohvandlik vositalari borligi aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular afg‘onistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilganligi ma’lum bo‘ldi.

Urgut tumanida muqaddam sudlangan fuqarolar, 1986-yilda tug‘ilgan F.X. va 1999-yilda tug‘ilgan Sh.A.lar Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 921 gr “opiy” moddasini xaridorga 12 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlandi.

Namangan shahrida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan Sh.Y. va A.Y. hamda 1994-yilda tug‘ilgan Sh.Q.lar muqaddam tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan Chust tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 3 kg 50 gr “gashish” moddasini olgan vaqtda ushlandi.

Boshqa holatda esa Namangan–Andijon yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomashinasi Norin tumani hududida to‘xtatilib tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Asaka tumanida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan F.X.ga tegishli 1 kg 911 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida giyohvand moddalar muqaddam Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumaniga olib kelinganligi ma’lum bo‘ldi.

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi 1990-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan B.B. Tojikistondan olib kelingan 2 kg 16 gr “opiy” moddasini 10 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 (kontrabanda) va 273-moddalari (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Giyohvand moddalar savdosi

Mart oyi o‘rtalarida DXX Chegara qo‘shinlari va Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida katta miqdordagi narkotik moddalarning o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlangandi.

Shuningdek, Navoiy viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olingani, Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan talabalar ushlangani, shuningdek, Samarqanddagi tungi klubda 10 ming AQSH dollari evaziga giyohvand modda sotishga uringanlar qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Aprel oyi oxirida Toshkent viloyatida narkokuryerlik bilan shug‘ullangan kollej talabasi ushlangandi.

Oktyabr oyining 10 kuni davomida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatgan va shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan 32 nafar shaxs ushlangan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!