menu
Bayden Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni topshirdi
Rossiya 25-dekabrda Ukrainaning energetika tizimiga zarbalar berdi. Ayrim aholi elektr ta’minotisiz qoldi

AQSHning amaldagi rahbari Jo Bayden Mudofaa vazirligiga Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni tezlashtirishni topshirganini aytdi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.

Baydenning bayonoti 25-dekabr kuni Moskva Ukrainaning energetika tizimiga ommaviy zarbalar yo‘llagani fonida e’lon qilindi.

Rossiya Rojdestvoning dastlabki soatlarida Ukraina shaharlari va o‘ta muhim energetika infratuzilmasiga raketa va dronlar bilan zarbalar berdi. Ushbu hujumdan maqsad Ukraina xalqini qishda issiqlik va elektr energiyasidan mahrum qilish va energetika tizimi xavfsizligiga tahdid solishdan iborat.

Ukraina xalqi tinchlik va xavfsizlikda yashashga munosib, va AQSH xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda Rossiya tajovuzi ustidan g‘alaba qozonguniga qadar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi lozim, deyiladi Baydenning Oq uy tomonidan e’lon qilingan bayonotida.

U so‘nggi oylarda AQSH Ukrainaga havo hujumidan himoyalanish uchun yuzlab raketalar yetkazib berganini va yana ko‘pchiligi yo‘lda ekanini eslatdi.

Rossiyaning Ukrainaga hujumi

25-dekabr kuni Rossiya Ukraina energetika tizimi hamda shaharlariga qanotli va ballistik raketalar, shuningdek, dronlar bilan hujum qildi. Ukraina hududlari rahbarlariga ko‘ra, zarbalar natijasida Xarkovda kamida olti kishi yaralangan va Dnepropetrovsk viloyatida bir kishi halok bo‘lgan.

Xarkov viloyatida yarim million aholi qish sharoitida, harorat noldan bir necha daraja yuqori bo‘lgan paytda issiqlik ta’minotisiz qoldi. Kiyev va boshqa shaharlarda elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.

AQSH harbiy yordamiga Rossiyaning pozitsiyasi

Rossiya Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish muammoni hal etishga to‘sqinlik qilishi, NATO davlatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroga jalb etishi va “olov bilan o‘ynashish” ekanini bildirgan. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uchun qurol-yarog‘ tashiyotgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanishini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va NATO nafaqat qurol yetkazib berish, balki Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va boshqa davlatlar hududida kadrlar tayyorlash orqali ham mojaroda bevosita ishtirok etmoqda. Kreml esa G‘arbning Ukrainani qurol bilan ta’minlashi salbiy oqibatlarga olib kelishini bildirgan. Rossiya tahdidli bayonotlariga qaramay, o‘zi ham Shimoliy Koreya harbiylarini urushga jalb qilmoqda, jang maydonida Eronning Shahed dronlaridan foydalanmoqda.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!