menu
“Askiya” bozorini zamonaviy ko‘rinishda qurish bo‘yicha tenderda Xitoy kompaniyasi g‘olib bo‘ldi
Bozor hududida avtoturargohga ega zamonaviy “Ekobozor” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasini quriladi

Toshkent shahrida “Askiya” bozori hududida avtoturargohga ega zamonaviy “Ekobozor” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasi bo‘yicha tender savdolarida Xitoy kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Bu haqda E-auksion platformasida keltirilgan.

Unga ko‘ra, auksion atigi 15 daqiqa davom etgan va birgina taklif kiritilgandan so‘ng yakunlangan. Uni Sheng-Ke International kompaniyasi amalga oshirib, boshlang‘ich narxdan 5 foiz yuqori — 225,59 milliard so‘m taklif qilgan.

G‘olib kompaniya haqida

YIDXP ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2024-yil may oyida ro‘yxatdan o‘tgan, ustav kapitali 68 milliard so‘mni tashkil qiladi. U maxsus qurilish ishlari bilan shug‘ullanadi. Kompaniya asoschisi TOO Sheng-Ke International, rahbari Chen Mayquan.

17-dekabr kuni Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi mutasaddilari va Sheng-Ke International kompaniyasining vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Ushbu uchrashuvda tomonlar yangi shahar qurilishi bo‘yicha loyihalarni muhokama qilgan va imkoniyatlar yuzasidan fikr almashgan. Yangi Toshkent shahrining kelajakdagi rivojlanishida ushbu kompaniyaning hissasi alohida o‘rin tutishi qayd etilgan.

“Askiya” bozori rekonstruksiyasi

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi “Askiya” dehqon bozori to‘liq rekonstruksiya qilinishi haqida 18-noyabr kuni tuman hokimligi tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilingandi. Tuman rahbari Nilufar Allabergenova bugungi kunda xaridorlarning kelib-ketishiga bir qator noqulayliklar borligi, bozorda joylashgan avtoturargoh hajmi kichikligi, bozor ochiq hududda joylashgani bois noqulay ob-havoda fuqarolar qiynalayotgani, tadbirkor va aholiga qulayliklar yetarli emasligini aytgandi.

Yangi savdo majmuasi 3 ming kvadrat metrdan iborat ekobozor, muzlatkichli omborxona, shuningdek, eskalatorlar, panduslar, Wi-Fi nuqtalari, velosiped yo‘laklari va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olishi kutilmoqda. Bundan tashqari, yaqin atrofda 4 yulduzli mehmonxona qurish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida 150 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi, mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Bundan avval Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi dehqon oziq-ovqat bozori to‘liq qayta qurilishi, besh barobar kengayib, bir nechta hududlardan iborat zamonaviy savdo, biznes va dam olish markaziga aylanishi ma’lum qilingandi. Qurilish davrida bozor o‘z faoliyatini to‘xtatmaydi, barcha tadbirkorlar ishini davom ettiradi. Ularga ishlash uchun imkoniyat yaratib beriladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!