menu
Amerikalik senator Afg‘onistonga yordam berishni to‘xtatishga chaqirdi
U Vashington ajratayotgan pullarni “Tolibon” ishlatayotganidan xavotir bildirdi

Amerikalik senator Marko Rubio Birlashgan Millatlar Tashkiloti orqali Afg‘onistonga moliyaviy yordam berishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.

Senatorning chaqirig‘iga “Tolibon” xalqaro yordamdan foydalanayotgani bo‘yicha xavotirlar sabab bo‘lgan. U insonparvarlik yordami “terrorchi guruhlar”ni kuchaytirish uchun ishlatilmasligi ta’minlanmaguncha, AQSH Afg‘onistonga yordam ajratishni to‘xtatishi kerakligini aytgan.

U Vashington pullarini “Tolibon” rejimini mustahkamlashga sarflamaslik kerakligini xulosa qilgan.

Avvalroq AQSH rasmiylari “Tolibon”ning xalqaro hamjamiyat, xususan, AQSHdan kelayotgan insonparvarlik yordamidan noto‘g‘ri foydalanayotganidan xavotir bildirgandi.

2023-yil AQSHning Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha maxsus inspektori Jon Sopko “Tolibon” yordamning katta qismidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanayotganini aytgandi. O‘shanda u AQSH senatiga sakkiz betlik hisobot taqdim etib, “Tolibon” AQSH pullaridan foyda ko‘rayotganini aytgan.

Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha “SIGAR” tashkilotiga ko‘ra, AQSH so‘nggi ikki yilda “Tolibon” hukmronligi ostidagi Afg‘onistonga 11 milliard dollardan ortiq yordam ko‘rsatgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!