Amerikada veterinarlar onasini yo‘qotgan tulkichaga noodatiy tarzda g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda (video)
qarashlar
Internetda tulki niqobini kiyib, yangi tug‘ilgan tulkini boqayotgan qizning videosi tarqaldi. Richmond (Virjiniya) yovvoyi tabiat markazi xodimlari onasidan ayrilgan tulki bolasiga shunday tarzda g‘amxo‘rlik qilmoqda.
Markazning Facebook’dagi sahifasida aytilishicha, veterinarlar ortiqcha tovushlarni kamaytirish, tabiatdagidek vizual to‘siqlar yaratish, turli muassasalarga borish sonini kamaytirish va boshqa ehtiyot choralarini ko‘rishga harakat qilmoqda.
Qayd etilishicha, tulki bolasi fevral oyi oxirida markazga olib kelingan. Uni o‘z iti bilan sayr qilib yurgan kishi tasodifan topib olgan. Dastlab uni mushukcha deb o‘ylagan. Mutaxassislar jonivorni ko‘zdan kechirganida, tulkining tug‘ilganiga bir kun ham bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan. Hayvonning kindigi ham kesilmagan edi.
Markaz ko‘ngillilari zudlik bilan tulkining onasi va u yashaydigan joyni topishga harakat qiladi. Biroq tulki joylashgani taxmin qilingan hududda ovchilar ov qilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda veterinariya shifokorlari tulki niqobini kiyib, har ikki-uch soatda jonivorni navbatma-navbat ovqatlantiradi. Mitti tulki esa yumshoq o‘yinchoqqa suyangan holda uxlaydi. Tulki bolasi yetarlicha kuchga to‘lgach, u yana tabiat qo‘yniga qo‘yib yuboriladi.
Comments
0 comment