menu
«Qizil», «sariq», «yashil»: mashinalardagi ekostikerlar nimani anglatadi?.
Poytaxtda xalq tilida «Fayzobod GAI» nomi bilan tanilgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi zamonaviy diagnostika markaziga aylantirildi. Markazda nafaqat mashinalarga davlat raqami va «texpasport» beriladi, balki avtomobildan ekologiyaga chiqayotgan zararli moddalar miqdori ham tekshirilib, maxsus stikerlar taqdim etiladi.

Toshkent shahri Mirobod tumani «Fayziobod» mahallasida joylashgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi zamonaviy diagnostika markaziga aylantirildi.

Markazda davlat raqam belgisi va texpasport berish jarayoni ancha soddalashtirilgan. Ilgar bu jarayonlar uchun 2-3 soat ketgan bo‘lsa, hozirda bu ishlar uchun taxminan 15 daqiqa yetadi.

Markazda nafaqat mashinalarga davlat raqami va «texpasport» beriladi, balki endilikda avtomobildan ekologiyaga chiqayotgan zararli moddalar miqdori ham tekshiriladi. 

Ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib «qizil» (juda yomon), «sariq» (o‘rtacha) yoki «yashil» (ekologik toza) yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi. 

Bu stikerlar nima qilib beradi? 

Gap shundaki, hozirgi ekologik vaziyatdan kelib chiqib, Toshkent shahar hududi bir nechta ekologik zonalarga ajratilishi kutilmoqda. Ya’ni transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga ko‘ra (stiker rangiga qarab) ayrim ekologik zonalarga kirishi cheklanadi. 

Agar bu zonalarga qizil yoki sariq stikerli mashinalar kirsa nima bo‘ladi? 

Tartibga amal qilish avtomatlashtirilgan kameralar orqali nazorat qilinadi va qoidani buzganlarga jarima yoziladi. Tushgan jarimalar esa o‘sha hududning ekologik holatini yaxshilashga sarflanadi. 

Markaz faoliyatini tashkil etishda Germaniya, Belgiya, Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlar shaharlarining ekologik muhitini muhofaza qilish sohasidagi ilg‘or tajriba inobatga olingan. 

Kelgusida respublika bo‘ylab 84 ta ro‘yxatga olish-diagnostika markazlarini hamda YHXXning 216 ta hududiy tuman bo‘linmalarini mashinalarni ekologik diagnostika qiladigan zamonaviy uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!