menu
O‘lim uchun “navbat kutish” – dunyodagi eng baland cho‘qqiga chiqish mashaqqatlari haqida.
Dunyodagi eng baland Jamolungma cho‘qqisiga har yili 600-700 nafar odam ko‘tariladi. Ularning o‘rtacha 40 foizi alpinistlar, qolgani ularga yordam beradigan mahalliy aholi hisoblanadi. Aslida cho‘qqiga chiqish uchun Nepalga ko‘p odam boradi. Ularning aksariyati qiyin sharoitda cho‘qqiga chiqa olmaydi yoki yo‘llarda halok bo‘ladi.

Qoʻshimcha funksionallar

  • Tungi ko‘rinish

Jahon | 15:06 822 16 daqiqa o‘qiladi O‘lim uchun “navbat kutish” – dunyodagi eng baland cho‘qqiga chiqish mashaqqatlari haqida

Dunyodagi eng baland Jamolungma cho‘qqisiga har yili 600-700 nafar odam ko‘tariladi. Ularning o‘rtacha 40 foizi alpinistlar, qolgani ularga yordam beradigan mahalliy aholi hisoblanadi. Aslida cho‘qqiga chiqish uchun Nepalga ko‘p odam boradi. Ularning aksariyati qiyin sharoitda cho‘qqiga chiqa olmaydi yoki yo‘llarda halok bo‘ladi.

Dunyoda ekstremal sport turlariga qiziquvchilar juda ko‘p. Turli jarohatlar yoki boshqa ko‘ngilsizliklar ham ularni birmuncha xavfli bo‘lgan mashg‘ulotlardan qaytara olmaydi.

Ayniqsa baland tog‘lardagi cho‘qqilarga chiqish bilan shug‘ullanuvchi alpinistlarning mashg‘uloti juda xavfli. Bunda hatto hayot bilan vidolashish ham mumkin. Biroq shunday bo‘lsa ham bunday sport turi bilan shug‘ullanuvchilar yetarlicha bor.

Alpinistlar orasida eng mashhur joy – bu Nepal davlatida joylashgan, dunyoning asosiy qismida Everest deb ataluvchi cho‘qqi hisoblanadi.

Har yili minglab odamlar bu cho‘qqiga ko‘tarilish uchun Nepalga boradi va ularning bir qismiga Jamolungmaga chiqish nasib etadi. Qolganlar unga chiqa olmaydi. Kimdir ortga qaytadi. Boshqasi og‘ir sharoitda halok bo‘ladi va jasadi tog‘lar tepasida qolib ketadi.

Everestga chiqish yo‘llari

Tibetliklar Jamolungma deb deb ataydigan Everest cho‘qqisiga chiqish uchun o‘nga yaqin yo‘nalish bor. Har bir yo‘nalishda bir nechtadan lager joylashgan. Cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lgan alpinistlar ana shu lagerlarda tunab qolishadi, dam olishadi va harakatni davom ettirishadi.

Cho‘qqiga mahalliy aholi yordamisiz ko‘tarilish juda qiyin. Alpinistlarga yo‘lboshchilik qiladiganlar “sherp” deb ataladi va ular ma’lum haq evaziga cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lganlarga ko‘maklashadi.

Jamolungmaga birinchi bo‘lib Yangi Zelandiya fuqarosi Edmund Hillari chiqqan. Unga mahalliy aholi vakili Tensing Norgey yordam bergan. Ular 1953 yil 29 may kuni cho‘qqi tepasiga chiqishgan.

Keyinchalik bu cho‘qqiga chiqish har bir alpinistning orzusiga aylandi va har yili Nepalga minglab odamlar boradigan bo‘ldi.

So‘nggi yillarda har yili Jamolungmaga 600-700 kishi chiqmoqda. Ularning yarmidan ko‘pi alpinistlarga ko‘maklashish uchun ular bilan cho‘qqiga chiqqan mahalliy aholi vakillari hisoblanadi.

“O‘lim uchun navbat kutish”

Jamolungma dunyo bo‘ylab sarguzashtlarni sevuvchilarni o‘ziga jalb qiladi. Ular orasida nafaqat professional alpinistlar, balki nisbatan xavfsiz ko‘tarilish va’da qilingan havaskorlar ham bor.

Aslida Jamolungmaga chiqishda xavfsiz ko‘tarilishning mutlaqo iloji yo‘q. Dengiz sathidan 7-8 ming metr balandlikka chiqilgandan so‘ng alpinistlarga o‘lim hamrohlik qiladi.

Bu yerda inson hayotiga osongina nuqta qo‘yishi mumkin bo‘lgan xavf cho‘qqiga ko‘tarilish boshlangandan bo‘y ko‘rsata boshlaydi.

Alpinistlar cho‘qqiga chiqish qanchalik jiddiy va xavfli ekaninini faqat “o‘lim hududi” deb ataladigan joyda – dengiz sathidan 8000 metrdan ortiq balandlikka chiqqanida tushunadi. O‘sha joygacha chiqib bora olsa, albatta.

Jamolungmaning bu hududida ortga qayta olmaganlarning “qabristoni” bor. U joyni qabriston deb ham bo‘lmaydi. Shunchaki, jasadlar sochilib yotgan joy.

Ayrimlar cho‘qqi tepasiga chiqishga ulgurmasdan jon bergan. Boshqalari qaytib tushish vaqtida hayot bilan vidolashgan. Jasadlar orasida turli yosh va jinsdagi odamlar – ayollar, yoshlar va keksalar ham bor.

Fojiali 1996 yil va “Yashil etiklar” manzili

Cho‘qqiga chiqayotgan guruhlar ko‘pincha “Yashil etiklar” deb ataladigan joyni mo‘ljal olishadi. Shu joyga yetib olish qariyb cho‘qqiga chiqish degani. Bu joy “Yashil etiklar” deb nom olishining o‘z tarixi bor.

Agar baland tog‘ning o‘sha joyi etik shakliga o‘xshagani uchun shu nomni olgan deb o‘ylasangiz adashasiz. Aslida bu nom cho‘qqiga chiqishda halok bo‘lgan alpinist bilan bog‘liq.

Gap shundaki, 2001 yilda fransiyalik alpinist Piyer Paperon Jamolungmaga qariyb yaqinlashgan paytda, cho‘qqi ostida joylarni videoga oladi. Shunda o‘sha atrofdagi qor ostidan chiqib turgan yashil etiklar ham kadrga tushib qoladi.

Etiklar 1996 yilda cho‘qqiga chiqishda vafot etgan alpinistlardan birining oyog‘ida bo‘lgan. U halok bo‘lgandan so‘ng tanasini qor uyumi ko‘mgan va yashil etik kiygan oyog‘i ochilib qolgan edi.

Paperonning videosi tarqalgandan so‘ng cho‘qqiga ko‘tarilayotganlar halok bo‘lgan alpinist xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun o‘sha joyga “Yashil etiklar” deb nom berishadi.

1996 yil may oyida Jamolungmada juda noqulay ob-havo hukm suradi va bu cho‘qqiga ko‘tarilayotgan bir qancha alpinistlarning ommaviy o‘limiga sabab bo‘ladi. Vafot etganlar orasida taniqli tadbirkorlar Rob Xoll va Skott Fisher ham bo‘lgan.

O‘shanda tadbirkorlar guruhi bilan birga cho‘qqiga boshqa tomondan uch nafar hindistonlik ham chiqadi. O‘sha kuni ob-havo yomon, qor bo‘roni bo‘layotgandi. Alpinistlar guruhi mahalliy vaqt bilan soat 15:45 da cho‘qqiga chiqqanini ma’lum qiladi. Pastdagilar uchun bu noxush xabar edi.

Chunki lagerga tirik qaytish uchun cho‘qqidan tushish soat 14:00 dan kechiktirmasdan boshlanishi kerak edi. Guruh esa 16:00 da ham cho‘qqi tepasida edi.

Guruhdagi alpinistlarning hech biri 8 300 metr balandlikda joylashgan lagerga qaytmaydi. O‘sha kuni marshrutda bo‘lgan boshqa guruhlar hindlarni ham, ikki tadbirkorni ham ko‘rgan yoki ko‘rmagani noma’lum.

Hindlardan biri Sevang Paljor Koflach kompaniyasining yashil rangli etigini kiyib olgandi. Keyinchalik Piyer Paperonning videosi tarqalgach bedarak yo‘qolgan deyilgan Sevang Paljorning jasadi cho‘qqi ostida qolib ketgani ma’lum bo‘ladi. Ba’zilar yashil etik Sevang bilan cho‘qqiga chiqqan boshqa hindga tegishli ekanini aytishgan.

“O‘lim hududi” va Devid Sharpning o‘limi

“O‘lim hududi” Jamolungma cho‘qqisi ostida, dengiz sathidan 8 300 metr balandlikda joylashgan. Bu joyning o‘z qonunlari bor. Agar alpinist bu yerda hech bo‘lmaganda hamkasblarining yordami bilan harakatlana olmasa muqarrar halokatga uchraydi.

Bunday vaziyatda guruhda harakatlana olmay qolgan odam nafaqat o‘zini, balki sheriklarini ham halok qilishi mumkin. Chunki jarohatlangan odamni pastga olib tushish boshqalarning ham halok bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli ham agar kimdir 8 000 metrdan yuqorida hayot uchun xavfli jarohat olsa va harakatdan qolsa, guruhdagilar o‘z hayotini saqlab qolish uchun uni tashlab ketishga majbur bo‘ladi.

Ana shunday hodisalardan biri angliyalik Devid Sharp bilan sodir bo‘lgan. U 2006 yil may oyida Jamolungmaga uchinchi marta ko‘tariladi. Devid pastga qaytib tushayotganda kislorod zaxirasi kam qolgandi. Shu sababli u “Yashil etiklar” manzilida tin olish uchun to‘xtaydi va cho‘zilib yotib qoladi.

O‘sha paytda uning yonidan 40 ga yaqin alpinistlar o‘tib ketadi. Biroq ular Devidning tirikligini, shunchaki kislorod zaxirasi kamligi uchun charchab yotib qolganini bilishmaydi. Alpinistlar uni o‘lgan deb o‘ylashadi.

Devid biroz kuch to‘playdi va amallab sal pastda joylashgan lagergacha tushib keladi. Biroq u juda holdan toygandi. Devidni telejurnalistlarni o‘z ichiga olgan guruh kutib oladi. Shu joyda Devid jon beradi. Telejurnalistlar uning so‘nggi so‘zlarini yozib olishadi: “Mening ism-sharifim Devid Sharp... Qattiq uyqum kelyapti”.

Devidning o‘limi alpinistlar orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ladi. Uni qutqarib qolish mumkinmidi degan savol qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqaradi. Ko‘pchilik Devidning o‘limga olib keladigan jiddiy jarohati yo‘qligini va yetarli darajada kislorod bilan ta’minlash uning hayotini saqlab qolishi mumkinligini aytadi.

Biroq cho‘qqi atrofida hamma o‘z jonini asrashni o‘ylar ekan, o‘sha kuni angliyalikning oldidan o‘tib ketgan odamlar hatto uning tirikligini bilganda ham Devidga kislorod bera olmasdi. Chunki dengiz sathidan 8 000 metr balandlikda eng qimmatli narsaga aylanuvchi kislorod yordam bermoqchi bo‘lgan alpinistning o‘ziga ham kerak. Aks holda u ham halok bo‘lishi mumkin.

Alpinistlar yura olmay qolgan Devidni sudrab ham olib tusholmasdi. Chunki bu ish guruhdagilarning hayotini xavf ostiga qo‘yardi. Qisqasi, dengiz sathidan 8 300 metr balandlikda turgan va pastga tushish uchun shoshilayotgan odamlar Devidni qutqarish uchun o‘z maqsadlarini qurbon qilishga tayyor emas edi.

Yo‘lboshchi va jasad ko‘muvchi sherplar

Yuqorida aytildi, Jamolungma cho‘qqisiga chiqmoqchi bo‘lgan alpinistlar yo‘lboshchi sherplarni yollashadi. Cho‘ntagi baquvvatroq bo‘lganlari hatto ikki va uch nafar sherp yollashi ham mumkin.

O‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab cho‘qqiga chiqadiganlarga yordam berib kelgan sherplar keyingi yillarda yaxshi haq evaziga boshqa ishlarni ham bajaradigan bo‘lishdi.

Masalan, cho‘qqi ostida qolgan va pastga olib tushishning imkoniyati bo‘lmagan ayrim jasadlarni panaroq joyga olib o‘tib, ko‘mib tushish. Ayrimlar bu ish uchun cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lgan alpnistlar to‘layotgan pullardan ham ko‘proq mablag‘ berishadi.

Masalan, Devid Sharpning jasadini ham shunday qilishadi. U halok bo‘lgandan so‘ng oradan bir yil o‘tgach Devidning qarindoshlari katta pul evaziga maxsus guruh yollashadi. Guruh tepaga ko‘tarilib, uning jasadini alpinistlar yuradigan yo‘ldan chetroqqa dafn etadi.

Ana shunday xizmat 1998 yilda eri bilan Jamolungmaga ko‘tarilib halok bo‘lgan alpinist ayol Frensis Arsentevaga ham ko‘rsatilgan.

2007 yilda ayolning qarindoshlari yaxshigina haq evaziga “Uxlayotgan go‘zal” deb nom olgan Frensisning jasadini alpinistlar yuradigan yo‘ldan chetroqqa olish uchun maxsus guruhni yollashadi. Guruh tepaga ko‘tariladi va ayolning jasadini avval Amerika bayrog‘i bilan o‘raydi. So‘ng uni tog‘ qoyasidan pastga uloqtirishadi.

“Yashil etikli” hindga kelsak, bir necha yildan so‘ng alpinistlar uning jasadini plyonkaga o‘rashadi. So‘ng chetroqqa olib, ustini toshlar bilan yopishadi. Biroq kuchli shamol toshlarni surib tashlagan va u yana ko‘rinib qolgan.

Bugungi kunda Jamolungma cho‘qqisi ostida qancha jasad borligi aniq emas. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning soni 180 dan 280 gacha. Tepada ular sovuq tufayli chirimaydi. Shu sababli 50-60 yildan buyon turgan jasadlar ham bor.

Jamolungma haqida qiziqarli ma’lumotlar

Jamolungma cho‘qqisi Xitoyga tegishli Tibet va Nepal o‘rtasida, Nepal hududida joylashgan. Xitoy tomondagi yo‘nalishlar yopiqligi uchun alpinistlar cho‘qqiga Nepal orqali chiqadi.

Jamolungmaga chiqmoqchi bo‘lgan alpinist cho‘qqiga ko‘tarilish uchun Nepal hukumatining roziligini olishi va 10 ming dollar to‘lashi kerak. Umumiy hisobda bitta guruhning cho‘qqiga chiqib tushishiga alpinistlarning soniga qarab 100 ming dollar ketishi mumkin.

Tibetliklar Jamolungma, dunyoning asosiy qismi Everest deb nomlaydigan cho‘qqi Nepalda Sagarmatxa deb ataladi.

Ba’zida cho‘qqi tepasida shamolning tezligi sekundiga 200 metrga yetadi va kuchli qor bo‘ronlariga sabab bo‘ladi.

Jamolungmaga Everest nomini 1865 yilda britaniyalik Jorj Everest qo‘ygan. Jorj geograf va kartograf bo‘lgan va Hindistonning to‘liq kartasini ilk marta u chizgan.

Alpinistlar cho‘qqiga chiqish uchun kamida 2 oy vaqt sarflaydi. Bu muddatda ular eng avval cho‘qqiga chiqish yo‘lidagi birinchi lagerda iqlimga moslashish jarayonidan o‘tadi. Bu paytda ular tanadagi yog‘ va suvning kamayishi hisobidan o‘rtacha 15 kg ozadi.

Everestga chiqqan birinchi ayol yaponiyalik Dzyunko Tabey bo‘lgan. U 1975 yil 16 may kuni cho‘qqiga ko‘tarilgan. Yevropalik ayollardan birinchi bo‘lib Jamolungmaga 1978 yil polshalik Vanda Rutkevich chiqqan.

Cho‘qqini eng keksa yoshda zabt etgan inson yaponiyalik Yuitiro Miura bo‘ladi. U 2013 yilda Jamolungmaga chiqqanda 80 yoshda bo‘lgan.

Cho‘qqini zabt etgan eng yosh alpinist amerikalik Jordan Romero hisoblanadi. U 2010 yilda 13 yosh 10 oyligida Jamolungmaga chiqqan.

Har yili Jamolungmaga chiqmoqchi bo‘lgan alpinistlar cho‘qqi ostida 50 tonna atrofida chiqindi qoldiradi. Shu sababli Nepal hukumati ortga qaytib tushayotgan har bir alpinist o‘zi bilan 8 kg chiqindi olib tushishi kerakligini belgilab qo‘yibdi. Bu talabga bo‘ysunmaganlar 4 ming dollar jarimaga tortiladi.

2006 yilda Jamolungmaga chiqqan britaniyalik Polin Sanderson va Fil Sanderson cho‘qqiga birga chiqqan birinchi er-xotinlar hisoblanadi.

Jamolungma cho‘qqisi ostida qariyb 250 kishi halok bo‘lgan. Jasadlarning aksariyati odamlar qayerda jon bergan bo‘lsa o‘sha joyda qolib ketgan.

Tektonik harakatlar tufayli Jamolungma har yili 4 millimetrdan o‘sib bormoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

17:56 / 21.01.2025

15:25 / 17.10.2024

23:19 / 11.10.2024

00:05 / 10.10.2024

  • “KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
    Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
    Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
    Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.

    Comments

    http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

    0 comment

    Write the first comment for this!