menu
Maktabda sochi olingan bolaning otasi madaniyat bo‘limi boshlig‘i ekani ma’lum bo‘ldi.
Navoiydagi maktabda sochi olingan bolaning otasi ommaga murojaat qilib, bo‘lib o‘tgan holatda direktorning aybi yo‘qligini aytdi. Kun.uz'ning aniqlashicha, murojaatchi ota – Navoiy shahar madaniyat bo‘limi boshlig‘i Alisher Hasanov bo‘ladi. U maktabda sartaroshxona yoki salon ochishni taklif qilyapti.

Navoiydagi 2-umumta’lim maktabi direktori Nurqobil Yusupov tashabbusi bilan ta’lim maskaniga sartarosh chaqirilib, sport zalda sochi olingan o‘quvchining otasi ommaga murojaat bilan chiqdi. Uning videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

O‘zini Alisher Hasanov deb tanishtirgan ota bu harakati uchun direktorga nisbatan e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan. Kun.uz'ning aniqlik kiritishicha, u Navoiy shahar madaniyat bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlaydi.

“Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchi Ozodbek Haydarqulovning dadasi bo‘laman. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda maktab direktori tomonidan o‘quvchilarni go‘yoki majburlagandek jismoniy tarbiya zaliga olib kirib, ularning sochlarini kaltalatishgani to‘g‘risida rasmlar tarqaldi va keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Shu sababli ushbu videoni e’lon qilishga ahd qildim.

Hurmatli vatandoshlar, avvalambor men farzandimga voqea bo‘lganidan 2-3 kun oldin sochingni oldir, deya bir necha bor ta’kidladim. Bu holat bo‘yicha maktab direktoriga ham telefon qilib, “Nurqobil aka, bolalarning sochlari o‘sib ketyapti, nahotki sizlar ham shunga gapirmaysizlar?”, deganman. O‘sha kuni maktab direktori namuna sifatida o‘zi sartarosh chaqirtirib, sport zalda bolalarning sochini kaltalatibdi. Lekin bir tomoni borki, direktor ham, maktabda boshqa mutasaddilari ham bolalarni majburan stulga o‘tirg‘izib, ularning sochini kalga oldirish kabi holat ro‘y bergani yo‘q.

Direktor menga soat 7:30larda telefon qilib, maktabga kelib keting, deganida nima sababdan borishimni so‘radim. O‘g‘lingizning sochi o‘sgan ekan, rozi bo‘lsangiz kalta qildirardik, maktabga sartarosh olib kelganmiz, deganiga rozilik bildirdim. Qolaversa, o‘g‘limning aytishi bo‘yicha, o‘sha yerda direktor shaxsan sochini oldirishga kim namuna bo‘ladi, deya so‘rabdi. O‘g‘lim men, deya o‘zining roziligi bilan oldirgan. Sartarosh ham qanaqa shaklda olay deb so‘rabdi.

Bolamning va shaxsan ota sifatida mening roziligim bilan bu holat qilingan. Bizning hech qanaqa e’tirozimiz yo‘q. Qarasam, haqiqatan sochi juda ajoyib, chiroyli olingan, hech qanaqa kulgili holat yoki boshqa narsa yo‘q. Holat bo‘yicha maktab direktoriga ham, mutasaddilariga ham e’tirozim yo‘q. Bu normal holat deb hisoblayman.

To‘g‘ri, ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda maktab sartaroshxona emas, deb yozyapti. Namuna sifatida balki kelajakda o‘sha maktabda alohida sartaroshxona yoki salon tarzida biror narsa ochish mumkindir”, deydi Alisher Hasanov o‘z murojaatida.

Otaning qo‘shimcha qilishicha, bolalarning sochini sal tartibga keltiringlar, deya shaxsan o‘zi iltimos qilgan.

Otaning videomurojaati diqqat bilan tinglansa, kadr ortida unga kimdir nima deyish kerakligini o‘rgatib turganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Navoiy shahar hokimligining rasmiy kanalida keltirilishicha, 1976 yilda tug‘ilgan, 1998 yil Toshkent davlat Madaniyat institutini tamomlagan Alisher Hasanov Navoiy shahar madaniyat bo‘limi boshlig‘i hisoblanadi. U mazkur lavozimiga 2022 yilning 2 iyun kuni tayinlangan.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, otaning murojaatidan oldin maktabda u va o‘g‘lidan tushuntirish xati ham yozdirib olingan. Qolaversa, turli ijtimoiy tarmoqlarda mavzu yuzasidan e’lon qilingan xabarlarga maktab o‘qituvchilari tomonidan izoh yozdirilmoqda. Manbaga ko‘ra, maktab direktorini oqlashga qaratilgan mazkur “kampaniya” Navoiy shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan uyushtirilyapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy shahridagi 2-maktabda bir guruh o‘g‘il bolalar dars paytida sport zalga yig‘ilib, sochi olingani xabar qilingandi. Bolalar ombudsmani bu holatni bu bolaning konstitutsiyada kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik huquqiga, uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga tahdid deb atab, mas’ullar javobgarlikka tortilishi kerakligini bildirdi.

Holatga Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ham rasmiy munosabat bildirgan.

“Ushbu holat boshqarma tomonidan nazoratga olingan. Boshqarma Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabi direktori o‘g‘il bola o‘quvchilarning sochini oldirganini oqlamaydi. Pedagog xodimlar o‘quvchilarga professional darajada ta’lim va tarbiya berishi, pedagogik etikaga rioya etishi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi lozimligi qonunchilikda ta’kidlangan.

Maktab rahbarining o‘quvchilar bilan bunday munosabatda bo‘lishi pedagogik etikaga ziddir. Ushbu holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi”, deyiladi boshqarma munosabatida.

Maktab direktoriga qanday chora ko‘rilgani hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.

“Ichki tartib-qoidalar Konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi lozim” — faollar maktabdagi soch oldirish haqida

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!