qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
Jahon | 14:12 720 10 daqiqa o‘qiladi G‘azoga qaytgan tinchlik, Isroilning urushdagi yo‘qotishlari va Tramp berayotgan va’dalar - kun dayjestiO‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azoda otashkesim rejimi kuchga kirdi
G‘azo sektorida kutilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 19 yanvar kuni kuchga kirdi.
Urushdan vayron bo‘lgan hududda falastinliklar bayram qilib, ba’zilar o‘z uylariga qaytishni boshladi. Bu kelishuv 15 oylik qonli mojaroni tugatish yo‘lidagi ilk qadam sifatida baholanmoqda.
Tinchlik shartnomasiga ko‘ra, dastlabki 42 kun davomida G‘azoda garovda ushlab turilgan isroillik 33 asir va Isroil qamoqlaridan yuzlab falastinliklar ozod qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Isroil qo‘shinlari G‘azo ichida bufer hududga chekinishi va ko‘chirilgan falastinliklar o‘z uylariga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
15 oylik adolatsiz urush davomida G‘azo sektorida 47 mingdan ortiq falastinliklar, asosan ayol va bolalar halok bo‘lgani ma’lum qilingan. 110 mingdan ortiq kishi yaralangan.
Kelishuv doirasida, shuningdek, humanitar yordam hajmini oshirish va hududga zaruriy oziq-ovqat va tibbiy mahsulotlarni yetkazish rejalashtirilgan.
O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvidan so‘ng, yakshanba kuni G‘azo sektoriga insonparvarlik yuklari ortilgan o‘nlab yuk mashinalari yo‘l olgan.
Xususan, Misr tomonidan yuborilgan 95 ta yuk avtomobili «Karam Abu Salim» nazorat punkti orqali o‘tkazilgan, yana ko‘plab yuk mashinalari «Rafah» nazorat punktida ruxsat kutib turibdi.
BMTning Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA) ma’lum qilishicha, ularning G‘azo sektoriga jo‘natish uchun 4 mingta yuk avtomobili tayyor holda turibdi, ularning yarmi oziq-ovqat va un mahsulotlarini tashkil qiladi. Agentlik komissari Filipp Lazarini yordam tashuvchi kolonnalarga qilingan hujumlar kamayadi, deb umid bildirgan.
Netanyahu otashkesimni muvaqqat dedi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv vaqtinchalik ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden va saylangan prezident Donald Tramp Isroilga kelishuvning keyingi bosqichlarida Falastin tomoni shartlarni bajarmagan taqdirda harbiy harakatlarni qayta boshlash huquqini bergan.
Netanyahuga ko‘ra, Isroil Filadelfiya yo‘lagidagi qo‘shinlar sonini qisqartirmaydi, balki oshiradi.
Otashkesimning birinchi bosqichida Isroildagi 1900 nafargacha falastinlik mahkum ozod qilinishi mumkinligi aytilyapti, ammo aniq raqamlar va shartlar rasman e’lon qilinmagan.
Hozir Isroil qamoqxonalarida 14 ming 400 falastinlik saqlanmoqda, ularning katta qismi oxirgi G‘azo urushi davomida hibsga olingan. Ularning orasida 105 nafar ayol, 340 nafar voyaga yetmagan bolalar, 3376 nafar ma’muriy hukm asosida qamalganlar va «noqonuniy jangchi» deb ataluvchi 1886 kishi bor.
Bu orada Isroil HAMAS bilan kelishuv doirasida ozod qilinadigan 90 falastinlikning ro‘yxati ma’lum qilindi.
Falastin Mahbuslar jamiyati va Falastin Ozodlik tashkilotiga qarashli mahbuslar va ozod etilganlar ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, ozod qilinadiganlarning 69 nafari ayollar, 20 nafari bolalar va yana 1 o‘smir bor.
Tramp Isroilni kelishuviga rioya qilishga chaqirdi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvning barcha shartlari bajarilishi kerakligini qat’iy ta’kidladi.
Trampning bu tahdidlari nafaqat HAMAS, balki Isroilga ham qaratilgan. Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga murojaat qilib: «Prezident Tramp Isroilning katta do‘sti edi. Endi navbat sizga», degan.
Amerikaning Axios portali ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning maslahatchisi Mayk Uoltz Netanyahu ichki siyosiy sabablarga ko‘ra kelishuvning keyingi bosqichlarini amalga oshirmaydi, degan xavotirlarni inkor etdi.
Isroil millatchilari kelishuvga qarshi
Isroil moliya vaziri, o‘ta o‘ng qarashlarga ega ultramillatchi siyosatchi Betsalel Smotrich G‘azodagi otashkesimni jiddiy xato deb atadi va HAMASni mag‘lub etishning yagona yo‘li G‘azoni to‘liq okkupatsiya qilish ekanini ta’kidladi.
«Bizning yagona yo‘limiz – G‘azo sektoriga kirib, uni okkupatsiya qilish va vaqtinchalik harbiy hokimiyat o‘rnatishdir. Hukumat buni amalga oshirmasa, uni ag‘darish uchun harakat qilaman», – dedi Smotrich.
Avvalroq, yana bir ultramillatchi — Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qarshi chiqib, uning partiyasi hukmron koalitsiyani tark etgan edi. Bundan so‘ng, koalitsiya Knessetda 120 o‘rindan 62 o‘rinni saqlab qolgan.
Agar Smotrich partiyasi ham hukumatdan chiqsa, Netanyahuning koalitsiyasi ko‘pchilik o‘rinlarni yo‘qotadi va bu muddatdan oldingi yangi saylovlarga olib kelishi mumkin. Biroq muxolifat ayni vaziyatda Netanyahuning tinchlik kelishuvini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Bu orada Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlari 2023 yildan buyon taxminan 41,64 mlrd dollarga tushgani ma’lum qilindi.
Urush oqibatida isroillik 840 askar halok bo‘lib, 14 ming nafardan ortig‘i yaralangan.
Hozir Isroilda zaxira askarlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda, chunki harbiy harakatlar kuchayishi va ortodoksal yahudiylar — xaredimlarning harbiy xizmatdan qochishi tufayli askarlar soni tanqis bo‘lib qolmoqda. Urushning boshida 220 mingga yaqin zaxira askarlari safarbar qilingan bo‘lib, ular bir necha bosqichda qayta-qayta urushga chaqirilgan.
HAMAS vakili «tarixiy g‘alaba» haqida
HAMAS harakati vakili Abu Ubayda 15 oy davom etgan G‘azo urushida falastin xalqi mislsiz qurbon berganini ta’kidlab, ularni «tarixiy g‘alaba» deb atadi.
Unga ko‘ra, «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi Isroilga qarshi kurashda yangi sahifa ochdi, urush Isroilni xalqaro kuchlarga murojaat qilishga majbur qilgan va okkupatsiyaning mintaqaga keltiradigan katta oqibatlarini ko‘rsatgan.
Abu Ubaydaning ta’kidlashicha, HAMAS jangarilari o‘z jonlarini ayamasdan kurashgan, harbiy quvvat va axloq jihatidan noodatiy holatda dushmanga zarba berishgan. Biroq Isroil tomonidan qo‘llangan «vahshiy va shafqatsiz» usullar Falastin xalqini qattiq aziyatga soldi.
U HAMAS yetakchilari — Haniya, Aruriy va Sinvarning shiddatli kurashning old saflarida kurashgani va shahidlik martabasiga yetganini urg‘uladi.
Abu Ubayda, shuningdek, HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qo‘llab-quvvatlashini, lekin uning ijrosi dushmanning harakatlariga bog‘liqligini ma’lum qildi. U xalqaro vositachilarni Isroilning kelishuv shartlariga rioya qilishiga bosim o‘tkazishga chaqirdi.
HAMASning g‘alabasi islom ummatining keng qo‘lloviga sazovor bo‘lgani va ular butun jahondan millionlab qo‘llab-quvvatlov nomalari olganini ham ta’kidladi.
Trampning inauguratsiya oldidan va’dalari
20 yanvar kuni AQSh prezidenti lavozimiga qasamyod qiladigan Donald Tramp o‘z chiqishida bir qator muhim bayonotlar berdi. U faoliyatining ilk kunlaridan boshlab keskin o‘zgarishlar kiritilishini va’da qildi.
Jumladan, Ilon Mask davlat samaradorligi bo‘yicha yangi departamentga rahbar etib tayinlanadi. Tramp Maskni «milliy daho» deb atadi va uning iste’dodini saqlab qolish muhimligini ta’kidladi.
Tramp Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi mojaroga nuqta qo‘yib, uchinchi jahon urushi boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligini va’da qildi. AQSh mudofaasi uchun Tramp harbiylarga raketa hujumlaridan himoya qiluvchi «Temir gumbaz» tizimini yaratishni topshirishini ma’lum qildi.
Tramp noqonuniy migratsiyani butunlay to‘xtatishga va’da berdi. Shuningdek, transgender erkaklarni ayollar sportidan chetlatish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishini aytdi.
Tramp Jo Baydenning barcha «ahmoqona farmoyishlarini» bir sutka ichida bekor qilishini ta’kidladi. Shuningdek, u bir muddat oldin bloklangan TikTok ijtimoiy tarmog‘i AQShda qayta ishga tushirilishini e’lon qildi.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Tramp inauguratsiyadan so‘ng 100 kun ichida Xitoyga rasmiy tashrif uyushtirishi mumkin.
Turkiya sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarildi
AQSh prezidenti Jo Bayden 2019 yilda Donald Tramp tomonidan imzolangan Suriya bo‘yicha sanksiya farmonini qayta ko‘rib chiqib, undan Turkiyaga oid barcha qaydlarni chiqarib tashladi. Baydenning ta’kidlashicha, Turkiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasiga bog‘liq savollar endi ahamiyatli emas.
Shunga qaramay, yangi farmon Suriyaning tinchlik, xavfsizlik va hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi yoki inson huquqlarini jiddiy buzgan shaxslarga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etish imkoniyatini saqlab qoladi.
Bu qaror Anqara uchun muhim diplomatik yutuq bo‘ldi, chunki Turkiya ko‘p yillar davomida ushbu cheklovlardan chiqarilishga intilib kelayotgan edi.
2019 yilda Tramp Turkiyaning Suriya shimolidagi «Tinchlik manbai» harbiy operatsiyasiga javoban sanksiyalar farmonini imzolagan edi. Unda Turkiya Mudofaa va Energetika vazirliklari, shuningdek, o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Hulusi Aqar va ichki ishlar vaziri Sulaymon So‘yluga nisbatan cheklovlar joriy etilgan edi.
13:36 / 18.01.2025
13:56 / 17.01.2025
13:46 / 16.01.2025
12:55 / 15.01.2025
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment