menu
G‘arbiy sohildagi qotilliklar, Isroil harbiylari iste’fosi va NATOdan madad kutayotgan Zelenskiy - kun dayjesti.
​​​​​​​O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Qoʻshimcha funksionallar

  • Tungi ko‘rinish

Jahon | 12:28 261 10 daqiqa o‘qiladi G‘arbiy sohildagi qotilliklar, Isroil harbiylari iste’fosi va NATOdan madad kutayotgan Zelenskiy - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

G‘azoda tinchlik hukmron bo‘lgan bir paytda Isroil harbiylari G‘arbiy sohildagi Sebastiya shahrida 14 yoshli falastinlik o‘spirin Ahmad Jazarni otib o‘ldirdi. Jazar do‘stlari bilan birga turganida 600 metr masofadan snayper o‘qining nishoniga aylandi. Halok bo‘lgan o‘spiringa yordam berishga uringan do‘stlari ham o‘qqa tutilgan.

Bu voqea HAMAS va Isroil o‘rtasida otishmalarni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi. Birgina 21 yanvar kuni G‘arbiy sohildagi reydlarda 10 nafar falastinlik o‘ldirildi.

Sulh kelishuvi kuchga kirganiga qaramay, Isroil Jyeniyn shahrida keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazdi. Operatsiya davomida 9 falastinlik halok bo‘ldi, 60 dan ortiq kishi hibsga olindi. Infratuzilmalar buzildi, fuqarolarning mol-mulkiga ziyon yetkazildi.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 2024 yil davomida Isroil kuchlari O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida 93 falastinlik bolani o‘ldirgan, ularning aksari o‘qotar quroldan halok bo‘lgan.

Otashkesim kelishuvidan so‘ng G‘azoda Isroil harbiylari tomonidan qo‘riqlangan hududlarda qurbonlarni izlash ishlari boshlandi. Bir kun ichida 66 ta jasad topildi. Ikki kuni ichida bu raqam 120 taga yetdi.

Qayd etilishicha, 15 oylik otishmalar va bombalashlar mobaynida 11 mingdan ortiq falastinlik bedarak yo‘qolgan. Ulardan biron bir xabar kutayotgan qarindoshlari izlash ishlari joylariga yig‘ilmoqda.

Isroil armiyasi rahbarlari iste’fo berdi

Isroil Bosh shtabi boshlig‘i Hersi Halevi 7 oktyabrdagi HAMAS hujumlarini to‘xtata olmaganini tan olib, 2024 yil 6 mart kuni iste’foga chiqish niyatini ma’lum qildi. Uning vakolatlari rejalashtirilganidan 10 oy oldin yakunlanadi. Halevi ikki yil-u ikki oy armiyaga rahbarlik qildi.

Halevi ortidan Janubiy okrug qo‘mondoni Yaron Finkelman ham iste’foga chiqishini e’lon qildi. U G‘azo sektorini himoya qilishda muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidlab: «Bu muvaffaqiyatsizlik umrbod xotiramda qoladi», — deb bayonot berdi.

Iste’folar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi otishmalarni to‘xtatish va asirlarni almashish jarayonidan uch kun o‘tib yuz berdi.

Bu orada Isroil muxolifati rahbarlari hukumatni iste’foga chaqirishni yanada kuchaytirishdi. Avigdor Liberman hukumat iste’fosini talab qildi, sobiq bosh vazir Yair Lapid esa «Hersi Halevi hurmatga loyiq. Endi Netanyahu hukumati iste’foga chiqishi kerak», — deb ta’kidladi.

AEXA: Eron yadroviy qurol yaratish ostonasida

Eron yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarishni yetti barobarga oshirib, 200 kilogrammga yetkazdi. AEXA rahbari Rafael Grossining ta’kidlashicha, bu miqdor beshta yadroviy zaryad yaratish uchun yetarli.

Ushbu holat AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan Eronga nisbatan yangi sanksiyalarning joriy etilishi xavfi fonida sodir bo‘lmoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, fevralda kiritilishi mumkin bo‘lgan cheklovlar Eronni 30 milliard dollarlik zararga duchor qilishi kutilmoqda.

Tehron muzokaralarga tayyorligini bildirib, diplomatik yechim uchun hali imkoniyat borligini ta’kidladi. Biroq buning uchun vaqt kam. Joriy yilning oktyabrida 2015 yildagi yadroviy kelishuv bo‘yicha sanksiyalarni avtomatik «qaytarish» mexanizmining amal qilish muddati tugaydi. Agar ushbu qayta mexanizm ishga tushirilsa, Eron yadroviy qurol tarqatmaslik shartnomasidan chiqishi mumkinligi bilan tahdid qildi.

Rossiyaning Ukrainaga sulh shartlari

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainadagi nizoni yuridik jihatdan majburlovchi shartnomalar asosida hal qilish mumkinligini bildirdi.

Lavrovga ko‘ra, Rossiya «maxsus harbiy operatsiya» maqsadlariga erishish va nizo sabablarini bartaraf etishga intiladi. Bishkekda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashuvdan so‘ng, u «Yevropa va AQSh ham nizo sabablarini tushuna boshlagani»ni qayd etdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Ukraina NATOga qisman qo‘shilishi va harbiy yordam olish davom etishi sharti bilan tinchlik muzokaralariga tayyorligini bildirgan. U Kiyevning Qrim yarimoroli, Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlaridan voz kechmasligini ta’kidlab, bu hududlarni diplomatik yo‘llar bilan qaytarishga intilishini aytgan.

Vladimir Putin nizo Ukraina NATOga qo‘shilishga intilishi sababli kelib chiqqanini takrorlab keladi. U Ukraina qo‘shinlarini Donbass, Xerson va Zaporijjya oblastlaridan chiqarish, bu hududlarning Rossiyaga tegishliligini tan olish va Kiyevning NATOga a’zo bo‘lish rejasidan voz kechishi tinchlik muzokaralari uchun asosiy shartlar ekanini aytadi.

Zelenskiy bu shartlarni ultimatum deb atab, rad etgan.

Ukraina o‘z armiyasini qisqartirmaydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida chiqish qila turib, Rossiyaning ukrain armiyasini besh barobarga qisqartirish talabi mutlaqo rad etilishini ma’lum qildi. Ushbu talab Moskva bilan ehtimoliy muzokaralarda asosiy masalalardan biri bo‘lishini ta’kidladi.

«Agar biz 800 mingdan ortiq askardan iborat armiya yarata olgan bo‘lsak, bu Yevropa bilan birgalikda nafaqat o‘zini himoya qila oladigan, balki Putinga qarshilik ko‘rsata oladigan kuchdir. Rossiyaning eng tez yo‘li — bizga bosim o‘tkazib, NATOga qo‘shilmasligimiz uchun harakat qilish va armiyamizni besh barobarga qisqartirishga majbur qilishdir», — dedi Zelenskiy.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda ochilgan urush boshida Rossiya Ukrainaga 200 ming askar kiritgan bo‘lsa, hozir bu raqam 608 mingga yetgan. Zelenskiy xavfsizlik kafolatlarisiz Rossiya o‘z qo‘shinlarini yanada kuchaytib, Qrim okkupatsiyasiga o‘xshash tarzda boshqa davlatlarga tahdid solishi mumkinligini ta’kidladi.

Rossiya 2022 yil mart oyida Ukraina armiyasini 50 minggacha qisqartirish va harbiy salohiyatni cheklashni o‘z ichiga olgan tinchlik shartnomasi taklifini kiritgan. Bunda Ukrainaga faqat 4 ta harbiy kemalar, 55 ta vertolyotlar va 300 ta tanklarni qoldirish taklif qilingan edi.

Zelenskiy: «NATO tinchlikparvarlari kerak»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Davosda Rossiya hujumlarining oldini olish uchun NATOdan kamida 200 ming tinchlikparvarlarni joylashtirishni talab qildi.

Zelenskiyning bu chiqishi AQSh prezidenti Donald Trampning lavozimga qaytganidan so‘ng yangradi. Tramp Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishga va’da bergan, biroq hanuzgacha buning aniq vositalari haqida ma’lumot bermagan.

Zelenskiy Yevropaning xavfsizligini ta’minlashda qit’a davlatlarini faolroq harakat qilishga chaqirdi. Ayni paytda Yevropada tinchlikparvarlar kontingentini jalb qilish g‘oyasi faol muhokama qilinmoqda.

Zelenskiy: «200 ming tinchlikparvar askar bu minimal talabdir. Bundan kamrog‘i yetarli bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari soni 1,5 million askarga yetgan, Ukraina armiyasi esa ularning yarmini tashkil qiladi.

Shuningdek, Zelenskiy Tramp bilan uchrashuv ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Uchrashuvning aniq sanasi hozircha ma’lum emas.

Tramp: «Men rus xalqini sevaman»

Zelenskiy Trampdan najot kutib turgan bir pallada AQShga yana rahbarlikni boshlagan Donald Tramp Rossiya va rus xalqiga sevgi izhor qilish bilan band. Biroq ularga nisbatan hurmatiga qaramay, agar Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar va boj tariflari joriy qilishga majbur bo‘lishini ma’lum qildi.

«Men Rossiyaga og‘riqli zarar yetkazishni istamayman. Men rus xalqini sevaman va prezident Putin bilan har doim juda yaxshi munosabatda bo‘lganman», — dedi Tramp.

U, shuningdek, yaqin vaqtda urushni to‘xtatish bo‘yicha «bitim» tuzish zarurligini ta’kidlab, agar bunga erishilmasa, Rossiyaning AQSh va uning sheriklariga sotadigan barcha mahsulotlariga yuqori soliqlar, tariflar va sanksiyalar joriy qilishdan boshqa chora qolmasligini ma’lum qildi va «bu urush men prezident bo‘lganimda umuman boshlanmagan bo‘lar edi», — deb qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, Tramp Rossiyaning natsistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabadagi hissasini eslatib o‘tdi:

«Biz Sovet Ittifoqi Ikkinchi jahon urushini yutishimizdagi yordami va bu jarayonda 60 millionga yaqin odamni yo‘qotganini hech qachon unutmasligimiz kerak. Men iqtisodiyoti inqirozga yuz tutgan Rossiyaga va uning prezidenti Putinga katta yordam ko‘rsatish niyatidaman. Hozir kelishuvga erishing va bu bema’ni urushni tugating! Urush borgan sari yomonlashaveradi», degan Tramp.

14:26 / 22.01.2025

13:15 / 21.01.2025

14:12 / 20.01.2025

13:36 / 18.01.2025

  • “KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
    Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
    Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
    Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.

    Comments

    http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

    0 comment

    Write the first comment for this!