qarashlar
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning qarori bilan Unays Building MChJga foydalanish huquqi bilan berib yuborilgan Farg‘ona shahridagi sobiq «Yoshlar ko‘li» Sport vazirligiga qaytariladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
«Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyati hokimining 2024 yil 29 yanvardagi tegishli qaroriga asosan Farg‘ona shahar, «Oybek» MFY hududida joylashgan sobiq «Yoshlar ko‘li» bino-inshootlari Unays Building MChJga investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun foydalanish huquqi bilan berilgani, ya’ni sotilmagani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish bo‘yicha o‘rganishlarda ushbu obekt Sport vazirligi tomonidan samarali foydalanish uchun Farg‘ona shahar hokimligi balansiga Farg‘ona viloyat hokimining 2022 yil 30 dekabrdagi qaroriga asosan o‘tkazib berilgani, biroq hokimlik tomonidan obektga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagani aniqlandi.
Ushbu holatda, «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi qonun bilan belgilangan tartib talablari bajarilmagan.
Xususan, qonun talablariga ko‘ra, davlat ko‘chmas mulk obektlarini, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, operativ boshqaruv huquqi asosida bir davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasidan boshqa davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror Davaktiv agentligi tomonidan tegishli davlat organlari bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, amaldagi qonunchilik bilan belgilangan tartiblar buzilgani munosabati bilan Davaktiv agentligi tomonidan Sport vazirligiga obektni Sport maktabi balansiga qaytarib olish, Farg‘ona viloyati hokimligiga obektni Farg‘ona shahar hokimligi balansiga o‘tkazish va Unays Building MChJga foydalanishga berish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish bo‘yicha joriy yil 6 mart kuni tegishli ko‘rsatmalar yuborildi», deyiladi Davaktiv agentligi xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, agentlik tomonidan ushbu davlat mulki obektini tegishli Sport maktabi balansiga qaytarish masalasi qat’iy nazoratga olinadi.
Comments
0 comment