menu
Erdo‘g‘anning va’dasi, Eronning dengiz strategiyasi va Ukraina urushi saboqlari - kun dayjesti.
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Ochlikdan azob chekayotgan G‘azoga insonparvarlik yordami tashlash chog‘ida 5 kishi halok bo‘ldi, 20 kishi yaralandi.

AQSh va Misr nomidan insonparvarlik yordamlari samolyotdan tashlangan. Sektor shimolidagi Ash-Shatti lagerida parashyut ochilmay, yuklar insonlarning ustiga kelib tushgan. O‘lganlar orasida bolalar bor.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an HAMAS terroristik tashkilot emas, deb ta’kidlagan. Turkiya yoshlar forumi — TÜGVAda chiqish qilar ekan, Erdo‘g‘an HAMASni yomonotliq qilishga urinayotgan Isroil propagandasiga ishonmaslikka chaqirgan.

«HAMAS ular ta’kidlayotganidek terrorchilik tashkiloti emas. Aksincha, bu harakat o‘z vatani, tuprog‘ini har qanday tahdid va bosimlarga qaramasdan joni evaziga himoya qilayotgan qarshilik harakatidir”, — degan Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti Misr va Iordaniya orqali G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazishga harakat qilinayotgani, bugungacha samolyot va kemalarda 37 ming tonna insonparvarlik yordam yetkazilganini aytib o‘tgan.

Ero‘g‘anning va’dasi

Yoshlar oldida chiqish qilgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2028 yili bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etmasligini ta’kidladi.

O‘z chiqishida Erdo‘g‘an 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlar qonunchilikka ko‘ra uning uchun so‘nggisi bo‘lishini e’lon qildi.

«Bu men uchun final. Bu saylovlar qonun bilan menga berilgan vakolatlar doirasidagi so‘nggisidir. Uning yakunlariga ko‘ra mening ortimdan kelayotgan birodarlarim qo‘limdan ishimni olishadi», – degan Erdo‘g‘an.

Turkiyaning amaldagi rahbari 2023 yili bo‘lib o‘tgan saylovlarda ikkinchi turda 52,18 foiz ovoz to‘plab g‘olib bo‘lgan edi. Uning raqibi kamolchilarning Jumhuriyat xalq partiyasidan Kamol Qilichdoro‘g‘li 47,82 foiz ovoz to‘plagan edi.

Darvoqe, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakatga tashrif bilan kelgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashdi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida harakat qilayotgan transport vositalari va tovarlar haqidagi axborotlarning elektron almashinuvi haqida hujjat imzolagan.

Qizil dengizdagi vaziyat

Eron Qizil va O‘rta Yer dengizidagi tijoriy yuk tashuvlarga tahdid qilmoqda.

Eron oliy rahnamosining katta harbiy maslahatchisi, general-mayor Yahyo Rahim Safaviy islom inqilobi muhofizlari korpusining harbiy-dengiz va aerokosmik kuchlari Qizil va O‘rta Yer dengizlariga “o‘z diqqatini” qaratishi lozimligini ta’kidlagan.

Safaviy ayniqsa Erondan minglab kilometr olisdagi O‘rta Yer dengizini Eron strategik nazarining qismi deb atagan va Tehron uni Gibraltar qo‘ltig‘igacha kengaytirishi lozimligini ta’kidladi.

Eron Qizil va O‘rta Yer dengizlarida tobora ortib borayotgan harbiy ishtirokini tijoriy yuk tashuvlarga xavf solish uchun ishlatishi mumkin. Ular bu usuldan Fors ko‘rfazida anchadan buyon foydalanib keladi, ayni paytda xalqaro savdo-sotiqqa husiychilarning hujumini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, deb yozadi Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari.

Ukraina urushi saboqlari

Fransiya Yevropa hududida yuqori intensivlikdagi harbiy mojaroga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb yozadi Politico nashri.

Polkovnik Aksel Denisning nashrga ta’kidlashicha, Ukrainadagi harbiy harakatlar Yevropaga keng ko‘lamni urushni qaytargan. Polkovnik Fransiya sharqidagi harbiy tayyorgarlik markaziga rahbarlik qiladi, u yerdagi shart-sharoitlar real jang maydonlariga juda yaqinlashtirilgan. Artilleriya o‘qlari ovozi va portlashlari yangrab turadi, hamma joyga soxta minalar ko‘milgan, radio aloqa esa kutilmaganda ogohlantirishsiz uzilib qolishi mumkin.

Ukrainadagi urushdan chiqarilgan bosh saboq — ulkan qurbonlarga olib keladigan, biroq dushmanni chekinishga maeburlay olmaydigan yuzma-yuz hujumdan qochish. Biroq masofadan turib ma’lumot yetkazuvchi dronlar kabi yangi texnologiyalar ostida birlashtirilgan piyoda qo‘shinlar, zirhli texnika, injyenerlar va artilleriya birgalikda ishlashi kerakligi ma’lum bo‘ldi.

Tanklar, artilleriya va piyoda qo‘shinlarni mushtarak holda qo‘llay olmaydigan armiyalar katta xavf ostida qoladi. Buni Ukrainadagi urushning har ikki tomonini ko‘rsatib berdi.

Darvoqe, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatdagi partiya yetakchilari bilan uchrashuvda qanday holatda Ukrainaga fransiya qo‘shinlari kiritilishi mumkinligini aytib o‘tgan. Agar Rossiya Odessa yoki Kiyev tomonga frontni yorib o‘tsa, fransuz askarlari ukrainlarga yordamga keladi.

Ukrainada jang qilayotgan hindlar

Fransuzlar Ukrainaga kirsakmi-kirmasakmi deb ikkilanib turganda, Rossiya tomoni hindlarni yollab urushayotgani oydinlashdi. Hindistonda talabalarni aldab, Ukrainadagi urushga yollayotgan tarmoqlar aniqlandi. Yoshlar Rossiyaning ayrim xususiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiritib qo‘yish va’dasi bilan aldab olib ketilgan, deb yozadi The Indian Express.

Hind yoshlari Rossiyaga borganidan so‘ng, ularning pasporti olib qo‘yilgan va Rossiya Qurolli Kuchlari tomonida Ukrainadagi urushda jang qilishga majburlangan.

Hindistonning yetti shahrida o‘tkazilgan reydlar davomida, agentliklardan biri 180 nafarga yaqin odamni Rossiyaga, asosan, talabalik vizasi bilan jo‘natgani ma’lum bo‘lgan. Tergov guruhi bu odamlarning barchasi qanday qilib Rossiyaga olib ketilganini, bunda Rossiya elchixonasi xodimlarining rolini ham aniqlamoqda.

Tergov bayonotiga ko‘ra Overseas Foundation kompaniyasi va uning direktori Suyash Mukut Hindistondan Rossiyaga odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi boshqa agentlar bilan hamkorlik qilgan.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ham avvalroq Rossiyaga borgan, o‘z xohishiga qarshi deyarli hech qanday tayyorgarliksiz frontga jo‘natilgan 20 ga yaqin hindistonlikni aniqlagani xabar qilingan edi.

Bu sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabar va yangiliklarimizning so‘nggisi edi. Dushanbada ko‘rishguncha omon bo‘ling.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!