menu
«Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha hukm 26 fevralda e’lon qilinadi. Shov-shuvli ishda voqealar rivoji qanday kechdi? .
«Dok-1 Maks» preparatidan zaharlanish ishi doirasida boshlangan sudda hukm o‘qilishi kutilmoqda. Sud 2023 yil avgustida boshlangandi. Kun.uz butun voqea xronologiyasiga nazar soldi.

2022 yil 22 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Dok-1 Maks» preparati bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Samarqanddagi bolalar shifoxonasida «Dok-1 Maks» preparati sabab 15 nafar bola vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu dori vositalarining O‘zbekistondagi savdosi 2022 yil 22 dekabrdan vaqtincha to‘xtatildi. Birin-ketin turli hududlarda «Dok-1 Maks»dan zaharlanish holatlari aniqlana boshladi.

Tana haroratini tushirish va davolash maqsadida «Dok-1 Maks» preparatidan foydalangan bolalarda buyrak zararlanishi va yetishmovchiligi belgilari kuzatiladi.

26 dekabrga kelib Samarqandda  preparatni ichgan 18 bola vafot etgani tan olindi.

27 dekabr kuni DXX Tergov boshqarmasi «Quramax Medical» MChJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, gumonlanuvchilarni darhol hibsga oldi.

Bu vaqtga kelib respublikaning turli hududlarida ham bolalar «Ambronol» va «Dok-1 Maks» dori vositalaridan zaharlanish holatlari aniqlanayotgandi.

Hindiston hukumati «Dok-1 Maks» ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Marion Biotech kompaniyasiga nisbatan tergov boshladi va ushbu siropni chiqarishni to‘xtatib qo‘ydi.

«Dok-1 MAKS»ni ishlab chiqarishda ingrediyentlardan birining farmatsevtik versiyasi emas, zaharli sanoat versiyasidan foydalanilgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonda olib borilgan tergov jarayonlari yakunlanib, jinoyat ishi sudga o‘tkazilgach, jamoatchilik ushbu siropdan jami 65 bola zaharlanib, vafot etganidan xabar topdi.   

2023 yil 11 avgust kuni «Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Tergov natijalariga ko‘ra jami 21 kishi, jumladan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev, Hindiston fuqarosi bo‘lgan «Quramax Medikal» MChJ direktoriga ayblov e’lon qilingani ma’lum bo‘ldi. Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol, ularning 7 nafari qamoqqa olingandi.

Sud 2023 yil 1 dekabr kuni ishga aloqador yangi shaxslar ayblanuvchi tariqasida jalb etish uchun jinoyat ishini tergov organiga qaytardi hamda ishni ko‘rishni 1 oy muddatga to‘xtatdi.

2024 yil 5 yanvar kuni, 1 oylik tanaffusdan so‘ng sud ishi qayta tiklandi va unda yo‘talga qarshi siropdan 16 nafar bola hayot uchun xavfli darajada jiddiy jarohatlangani, 2 nafar bola yengil jarohat olgani, yana 3 nafar bola zaharlanish oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

10 yanvar kungi sud majlisida prokuror yana ikki shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinganini ma’lum qildi. Ulardan biri – Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazining Farmakologiya qo‘mitasida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan Farrux Tolipov edi.

11 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida ko‘rsatma bergan Sardor Kariyev ilk bor jiddiy bayonot berdi. U o‘ziga nisbatan tergovda tazyiq, jismoniy va ruhiy qiynoqlar qo‘llanganini, asossiz ayblanayotganini, «Dok-1 Maks» preparatidan zaharlanish voqeasida aybsiz ekanini, barcha ishlar ortida o‘zining o‘sha vaqtdagi birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov turganini, tergov va sudda barcha dalillar uni ayblashga qarab ketgan bo‘lsa ham javobgarlikka tortmayotganini aytdi.

Sudda jabrlanuvchilar sudlanuvchilardan 1 milliarddan 8 milliard so‘mgacha kompensatsiya undirishni so‘radi.

29 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida ko‘rsatma bergan hindistonlik sudlanuvchi tergovda undan Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyevga qarshi ko‘rsatma berish so‘ralgani, «Bizga sen emas, Sardor va uning oilasi kerak», deyishganini aytdi.

Prokuror muzokara nutqida Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev va uning ikki o‘rinbosari sifatida ishlagan A.A. hamda M.N.ga 18 yildan, hindistonlik ayblanuvchi, «Quramax Medical» MChJ direktori S.R.P.ga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘radi.

Sardor Kariyevni himoya qilayotgan advokatlar bolalarni zaharlagan dorilarga guvohnomalar Kariyev agentlik rahbari etib tayinlanguniga qadar olingan bo‘lganini, ushbu dorilardagi zaharli vositalarni aniqlash ham huquqiy, ham amaliy jihatdan imkonsiz bo‘lganini, tergovda Kariyevga qo‘yilgan ayblovlar sudda o‘z isbotini topmaganini aytishdi.

Sudda so‘nggi so‘z aytgan aksariyat sudlanuvchilar jazo tayinlashda yengillik so‘ragan bo‘lsa, Farmagentlikning sobiq rahbari Sardor Kariyev qo‘yilgan ayblovlarga umuman iqror emasligini, unga oqlov qo‘llangan taqdirdagina adolat qaror topishini ma’lum qildi.   

Nihoyat, 6 oydan oshiqroq davom etgan sud jarayonlari o‘z nihoyasiga yetdi. Ish bo‘yicha hukm 2024 yil 26 fevral kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!