menu
Amerika OAV: Tramp Oq uyga kelishi bilan noqonuniy migrantlarga qarshi reydlarni boshlaydi.
Trampning o‘zi ham avvalroq mamlakat tarixidagi eng keng ko‘lamli deportatsiya dasturini shaxsan nazorat qilmoqchi ekanini aytgandi.

Qoʻshimcha funksionallar

  • Tungi ko‘rinish

Jahon | 17:10 3834 7 daqiqa o‘qiladi Amerika OAV: Tramp Oq uyga kelishi bilan noqonuniy migrantlarga qarshi reydlarni boshlaydi

Reydlarning birinchisi Chikagoda amalga oshiriladi va u bir hafta davom etadi. AQSh immigratsiya va bojxona politsiyasi operatsiyani o‘tkazishga 100-200 nafar xodimini jalb etadi.

Qo‘shma Shtatlarda tegishli ruxsatnomalarsiz yashayotgan migrantlarni qo‘lga olish va deportatsiya qilish bo‘yicha reydlar yangi ma’muriyatning ilk ish kunidan boshlanadi, deb xabar bermoqda Amerika nashrlari.

New York Times va Wall Street Journal aniqlik kiritishicha, Trampning yangi jamoasida chegara muhofazasi uchun mas’ul bo‘ladigan Tom Houmen muhojirlar ulushi yuqori bo‘lgan shahar Chikagoda (bu shaharga 2022 yil avgustdan beri 51 mingdan ziyod migrant kelgan) noqonuniy muhojirlarni ta’qib qilish seshanba kuniyoq boshlanishi mumkinligini va’da qilgan.

Bundan oldinroq, Fox News uchun bergan intervyusida, Houmen butun mamlakat bo‘ylab noqonuniy migrantlarga qarshi «katta reyd» o‘tkazilishini anons qilgandi. U Chikago ommaviy deportatsiyalar uchun «boshlang‘ich nuqta» deb atagan. Amaliyotni o‘tkazishga 100-200 nafar xodimni jalb etiladi.

Nashrning yozishicha, reydning maqsadi «jinoiy o‘tmishga ega mamlakatdagi noqonuniy migrantlarni aniqlash»dan iborat. Ular yo‘l harakati qoidalarini buzgan yoki Bayden ma’muriyati jinoiy javobgarlikka tortish uchun jiddiy emas deb hisoblagan boshqa huquqbuzarliklarni sodir etgan bo‘lishi mumkin.

Trampning o‘zi ham avvalroq mamlakat tarixidagi eng keng ko‘lamli deportatsiya dasturini shaxsan nazorat qilmoqchi ekanini aytgandi.

Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) muntazam ravishda noqonuniy migrantlarni tutish va deportatsiya qilish bilan shug‘ullanadi.

Ammo dushanba kuni, Trampning inauguratsiyasidan keyinoq, idora federal immigratsiya rasmiylari bilan cheklangan darajada hamkorlik qiluvchi «boshpana shaharlar»ga qarshi qaratilgan amaliyotni boshlashi kutilmoqda

Chikagodan tashqari Amerikaning boshqa o‘nlab shaharlari, jumladan Los-Anjyeles va Nyu York kabi yirik shaharlarda ham noqonuniy migrantlarga nisbatan shunday «yumshoq» siyosatga amal qilinadi.

«21 yanvar kuni sizning shahringizda jinoyatchilar va jinoiy to‘dalarning a’zolarini qidirish bilan shug‘ullanuvchi ICE agentlari paydo bo‘ladi, — degandi Houmen o‘tgan oyda Chikagoda o‘tkazilgan respublikachilar yig‘ilishida. - Buni e’tiborga oling. Chunki shunday bo‘ladi».

ICE’ning shu kabi reydlari Nyu York, Los-Anjyeles, Denver va Mayamida ham o‘tkaziladi, deb yozadi Wall Street Journal vaziyatdan xabardor manbasiga tayanib.

Oq uyni Bayden ma’muriyati boshqargan so‘nggi to‘rt yillikda ICE’ning birinchi navbatdagi e’tibori faqat og‘ir jinoyatlar sodir etgan, chegarani endi kesib o‘tgan yoki milliy xavfsizlikka xavf tug‘diradigan noqonuniy migrantlarga qaratilgandi.

Trampning jamoasi ham birinchi galda jinoyat sodir etgan muhojirlar bilan shug‘ullanishini bildirayotgan bo‘lsa-da, saylovoldi kampaniyasi chog‘ida shu narsa bir necha bor takrorlangan: qo‘lga olish va deportatsiya istisnosiz barcha muhojirlarga — jumladan, ko‘p yillardan buyon AQShda ishlab yashovchi va jinoiy o‘tmishi bo‘lmaganlarga ham tahdid soladi.

ICE’ning muntazam reydlari Amerikadagi noqonuniy migrantlar ishlaydigan qurilish hududlari bo‘ylab tiklanishi kutilmoqda. Jo Bayden rahbarligidagi oldingi ma’muriyat bu amaliyotni bekor qilgandi.

AQSh siyosatida kutilayotgan keskinlashuv oldidan fermerlarning xo‘jaliklarida ishlovchi noqonuniy muhojirlar yuristlarga immigratsiya rasmiylari bilan to‘qnashganda o‘zini qanday tutishi lozimligi va har ehtimolga qarshi farzandlari uchun vaqtincha vasiylarni qanday tayinlash bo‘yicha maslahat so‘rab murojat qilmoqda.

«Ma’muriyat hali vakolat olmadi, ammo odamlar allaqachon juda qo‘rqib ketishgan», — deya Kaliforniyadagi meksikalik qishloq xo‘jaligi ishchilariga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Centro Binacional para el Desarrollo Indígena Oaxaqueño tashkiloti ijrochi direktori Sarait Martinesning so‘zlarini keltiradi Reuters.

Millionlab noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish hamda ish joylarida reydlar o‘tkazish va’dalaridan tashqari, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp cherkovlar hududida hech qanday hibsga olish amalga oshirilmasligi bo‘yicha an’anaviy siyosatdan ham voz kechmoqchi ekaniga ishora qilgan.

Shu bilan birga, rejalashtirilayotgan reydlar mahalliy va mintaqaviy amaldorlar uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirishi muqarrar hol, qo‘lga olingan noqonuniy migrantlarni qayerdadir ushlab turish kerak bo‘ladi, ularni joylashtirishga mo‘ljallangan joylarda esa o‘rinlar soni ancha cheklangan.

Bu vaqtda esa keyingi haftada Kongress federal hukumatdan AQShda yashovchi muhojirlarni, ular jinoiy faoliyatda gumon qilingan taqdirda, ularga nisbatan rasmiy ayblovlar qo‘yilmagan bo‘lsa ham, qo‘lga olish majburiyatini yuklovchi qonunchilik normasini ma’qullashi kutilmoqda.

Qonun o‘tgan yili Jorjiyada bunga qadar do‘kondagi o‘g‘irlik uchun ham qo‘lga olingan venesuelalik migrant tomonidan o‘ldirilgan talaba Leyken Rayli sharafiga nomlangan.

Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida bir necha bor o‘zining asosiy vazifalaridan biri noqonuniy migrantlarga qarshi kurashish ekanini ta’kidlab, AQSh tarixidagi eng katta ommaviy deportatsiyani o‘tkazishga va’da bergandi.

Donald Tramp 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasi boshidan buyon noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish niyatida ekanini aytib keladi. 2024 yil may oyida TIME jurnali bilan suhbatda u Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy migrantlar sonini 15-20 million kishiga baholagan.

16:13

14:40 / 18.01.2025

10:28 / 18.01.2025

22:32 / 17.01.2025

  • “KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
    Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
    Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
    Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.

    Comments

    http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

    0 comment

    Write the first comment for this!