menu
Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etdi.
Siyosatchi 47 yoshda edi. Uning o‘limiga tromb ko‘chishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etdi. Bu haqda Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Jazoni ijro etish federal boshqarmasi rasman xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, Navalniy sayrdan keyin o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotgan. Unga ko‘rsatilgan birinchi yordam samara bermagan.

«Ko‘rsatilgan jonlantirish amaliyoti ijobiy samara bermadi, tez yordam vrachlari mahbusning o‘limini qayd etdi», deyiladi xabarda.

Siyosatchi o‘limi haqidagi xabardan ko‘p o‘tmay uning o‘limiga tromb ko‘chishi sabab bo‘lgani haqida ekspertiza xulosasi ham e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eng ashaddiy tanqidchisi hisoblanardi. Rossiyadagi korrupsion holatlar bo‘yicha surishtiruvlar bilan tanilgan Navalniyning oxirgi surishtiruvi Vladimir Putinning Gelenjikdagi saroyi haqida bo‘lgandi.

Aleksey Navalniy 2021 yil yanvar oyidan buyon qamoqda qolayotgandi. «Novichok» moddasi bilan zaharlangan Rossiya muxolifati yetakchisi Germaniyaga davolanish uchun borgan va qaytishi bilan qo‘lga olingandi. Keyinchalik uning «Iv Roshe» ishi bo‘yicha shartli jazosini qamoq jazosiga almashtirishdi.

2022 yil mart oyida Navalniyni firibgarlik va sudga hurmatsizlikda ayblab yana 9 yil qamoq jazosiga hukm qilishdi. 2023 yil ekstremistik jamiyat tuzishda ayblangan siyosatchini yana 19 yil qamoqqa hukm qilib, jazoni maxsus rejimli qamoqxonada o‘tashni belgilashdi.

Navalniyni avvaliga Vladimir oblastidagi 6-jazoni ijro etish kolonasida saqlashgandi. 2023 yil dekabr oyida esa uni Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Xarp qishlog‘idagi «Polyarniy volk» koloniyasiga o‘tkazishgandi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!