menu
Tramp va Bayden “super seshanba”dagi deyarli barcha praymerizlarda g‘alaba qozondi
AQSH sobiq prezidentining raqibi Nikki Heyli nomzod bo‘lish uchun real imkoniyatga ega emas

AQSHning 15 shtati va bir orol hududida bo‘lib o‘tgan praymerizlarida Amerikaning amaldagi prezidenti Jo Bayden va sobiq prezident Donald Tramp deyarli barcha ovozlarni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Bu yil 5-martga to‘g‘ri kelgan “super seshanba” partiya ichidagi saylovlarning eng muhim kuni bo‘lib, unda Respublikachilar va Demokratik partiya tarafdorlari AQSH prezidentligiga ko‘rsatmoqchi bo‘lgan nomzodlariga ovoz beradi.

Shunday qilib, Tramp Kaliforniya, Texas va Alyaska kabi 14 shtatdagi ichki partiyaviy saylovlarda g‘alaba qozonib, raqibi Nikki Heylini mag‘lub etdi. Edison Research so‘rov xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Heyli Vermontdagi yagona g‘alabasini qo‘lga kiritgan va endi nomzod bo‘lish uchun real imkoniyatga ega emas.

Ikkinchi muddatga prezidentlikka da’vogar bo‘lgan Bayden Amerika Samoasi orol hududidan tashqari barcha praymerizlarda g‘alaba qozondi. Floridada tarafdorlari oldida chiqish qilgan Tramp Baydenga hujum qilib, uning immigratsiya siyosatiga e’tibor qaratib, Baydenni tarixdagi “eng yomon prezident” deb atadi.

O‘z navbatida, Bayden Trampni yana “Amerika demokratiyasiga tahdid” deb atadi.

Ma’lumot o‘rnida, AQSHda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!