menu
Toshkentda Hindiston kompaniyasi hamkorligida yangi tibbiyot markazi tashkil etilishi mumkin
Hindistonlik tadbirkor tibbiyot sohasidagi yangi qo‘shma loyiha doirasida 2 mln dollar atrofida investitsiya kiritmoqchi

Toshkent shahrida Hindiston kompaniyasi hamkorligida yangi tibbiyot markazi tashkil etilishi mumkin. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning North East Healthcare/Srishti Hospitals kompaniyasi bosh ijrochi direktori, Samarqand shahridagi Zarmed Pratiksha O‘zbekiston—Hindiston qo‘shma shifoxonasi asoschisi Nishant Bajaj bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Nishant Bajaj Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil Hindistonga rasmiy tashrifi doirasida ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvi yakunlaridan ruhlanib, Samarqand shahrida tibbiyot yo‘nalishidagi Zarmed Pratiksha qo‘shma korxonasi xorijlik taʼsischisi bo‘lgan.

Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jarrohlik amaliyoti xonalari, 100 o‘rinli statsionar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Intervension kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, endoskopik jarrohlik, ortopediya va travmatologiya, urologiya va ginekologiya, otolaringologiya faoliyat turlari uchun zamonaviy diagnostika uskunalari o‘rnatilgan. Bir vaqtning o‘zida 600 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Tibbiy xizmatlar xalqaro standartlar asosida kompleks tarzda ko‘rsatilmoqda.

Hindistonlik tadbirkorning maʼlum qilishicha, bugungi kunda mazkur qo‘shma korxonaning Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida diagnostika markazlari tashkil etilgan. 2024-yilda Toshkent shahrida yangi tibbiyot markazini bunyod etish bo‘yicha tashkiliy masalalar o‘rganib chiqilmoqda. Shu maqsadda 2 million dollar atrofida xorijiy investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan.

Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislarining Hindistonning yetakchi tibbiyot muassasalarida malaka oshirishi, tajribali hind vrachlarining Samarqand shahridagi qo‘shma shifoxonada muntazam faoliyat yuritishini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!