menu
Shimoliy Koreya Rossiyaga qo‘shimcha harbiy yubormoqchi — Reuters
KXDR askarlarining Kursk viloyatiga jo‘natilganiga to‘rt oy bo‘ldi. Ular jiddiy yo‘qotishlarga uchramoqda

Shimoliy Koreya yaqin orada Rossiyaga qo‘shimcha harbiy kontingent yuborishni rejalashtirmoqda. Ular Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etadi. Bu haqda Janubiy Koreya Qo‘shma shtablar qo‘mitasiga tayanib, Reuters xabar berdi.

Qo‘mita urushda shimoliy koreyalik askarlarning sezilarli yo‘qotishlariga qaramay KXDR yana harbiy yuborishini ma’lum qildi.

Biroq, idora yana qanday choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot bermadi. KXDR josus sun’iy yo‘ldoshi va qit’alararo ballistik raketani uchirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabarlar mavjud. Ammo bunday choralar uchun zudlik bilan harakat qilish belgilari kuzatilmagan.

Ukraina va G‘arb ma’lumotlariga ko‘ra, rus armiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 11 mingga yaqin KXDR askari Kursk viloyatiga joylashtirgan. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 3000 nafardan ortig‘i halok bo‘lgan yoki yaralangan.
Moskva va Pxenyan dastlab Shimoliy Koreyaning qo‘shinlarini joylashtirish haqidagi xabarlarni rad etgan bo‘lsa-da, Rossiya prezidenti Vladimir Putin oktyabr oyida ular Rossiyada ekanini rad etmagan.

KXDRdan Ukrainadagi urushga yuborilgan askarlar

Janubiy Koreya va AQSHning hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 10 mingdan ortiq askar yuborgan. Ulardan ba’zilari allaqachon Kursk viloyatidagi janglarda qatnashgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushga yuborilgan Shimoliy Koreya askarlari soni 100 mingga yetishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga og‘ir artilleriya – o‘ziyurar gaubitsalar va ko‘plab raketa tizimlarini ham yetkazib beradi.

Rossiya va Shimoliy Koreya urush boshlanganidan keyin harbiy sohadagi hamkorlikni kuchaytira boshladi. 2024-yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, Kim Chen In bilan hujum sodir bo‘lgan taqdirda bir-birini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi, shuningdek, G‘arb sanksiyalariga qarshi hamkorlikni o‘z ichiga olgan keng qamrovli strategik shartnoma imzolagandi.

Ukraina armiyasi Kursk viloyatida shimoliy koreyalik ikki askarni asirga olgan. Prezident Vladimir Zelenskiy 12-yanvar kuni ular so‘roqqa tutilgani aks etgan videoni e’lon qildi. So‘roq paytida KXDR askarlari qayerdaligini bilmasligi, ularga bu faqat o‘quv mashg‘uloti deb aytilganini ta’kidlagan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!