qarashlar
Shuning uchun ham ko‘p tadqiqotchilar bu bazaga yaqinlashishga ham qo‘rqadi, undan ko‘ra kimlardir orqali pul berib bo‘lsa ham maqola chiqarishni afzal ko‘radi, ammo... Ko‘p hollarda bilimsizlik, o‘rganishdan cho‘chish tadqiqotchiga 10 karra qimmatga tushadi.
O‘zi nima degani shu Scopus?! Ushbu bazani mustaqil o‘zlashtira olamizmi, ushbu bazadagi jurnalni soxta jurnaldan ajrata olamizmi, o‘zimiz bepul maqola chiqara olamizmi, degan savollarga quyida javob bersak.
Scopus -nufuzli ilmiy baza
Scopus-bu internet maydonida 24 mingdan ortiq xalqaro ilmiy nashrlarning bazasi. U yerda mualliflik ostidagi har qanday ilmiy ish ma’lum algoritmlarga ko‘ra vizual shaklda saqlanadi, tahlil qilinadi, taqrizlarga tobe’ tutiladi. Mualliflar o‘z ilmiy ishlaridan boshqalar foydalangani tufayli reytinglari oshib boradi. Scopus bazasida ko‘proq tabiiy, ijtimoiy-gumanitar, texnika, tibbiyot va san’at sohalariga aloqador 5000dan ortiq mualliflarning ilmiy ishlari saqlanadi. Scopus nufuzi ilmiy tadqiqotlarni saralash va indekslashda juda qattiq sifat nazorati bilan mustahkamlangan. Shu sabali dunyo universitetlari reytingini tuzishda Scopusda nashr qilingan tadqiqotlar muhim ta’sir faktori sanaladi.
Baza Elsevier noshirlik uyi tarafidan tuzilganiga 20 yil to‘ldi. Matnlar 40 dan ortiq tilda yozilgan. Jumladan,
Scopusda maqolalar taqdim etilgan vaqtidan e’tiboran 1 yil ichida sifat nazoratidan o‘tib e’lon qilinishi mumkin. Baza tili-ingliz tili. Mualliflar o‘zlari ishlayotgan tashkilot nomidan ro‘yxatdan o‘tadi.
Scopus tadqiqotchiga nima beradi?
Scopus bazasi tadqiqotchiga qiduruv sistemalariga qaraganda ancha ishlangan, sayqallangan, yo‘naltirilgan ma’lumotlarni bir joyda taqdim etadi. Maqolalarga berilgan taqrizlarga ko‘ra tadqiqotchi u yoki bu mavzuning ne chog‘li dolzarb ekani, o‘rganilganlik darajasi, ko‘lamini oson payqay oladi. Tanlangan mavzu bo‘yicha dunyodagi turdosh tashkilotlar va shaxslar haqida tasavvur etishga imkon yaratadi. Scopus bazasida maqola e’lon qilish esa insonning akademik karerasiga juda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Maqoladan olingan iqtiboslar esa uning Xirsh indeksini yuksalishiga xizmat qiladi.
Scopusda qanday maqolalar chiqadi?
Scopusdan joy oladigan maqolalar uchun bir qancha talablar qo‘yiladi. Shulardan birinchisi – tanlangan bilim sohasida avval aytilmagan yoki kam tadqiq etilgan biror ilmiy muammoning yechimini bashorat qilish. Ushbu ilmiy masala tadqiqotchi tomonidan tanlangan metodlar yordamida tahlil qilinishi shart. Albatta, maqola chiqadigan jurnalni tadqiqotchi avvaldan tanlab, uning spetsifikasini o‘rganib qo‘ysa nur ustiga a’lo nur. Maqola uchun tanlangan mavzu kalit so‘zlari yoki mualliflar bo‘yicha qidiruv berib, shu ishgacha qilingan tadqiqotlar bilan tanishib olish mumkin. Bu bosqichda Google Scolar va Web of Science ilmiy bazalaridan ham qo‘shimcha foydalanish mumkin.
Tadqiqotchida ilmiy gipoteza va apparat shakllangandan so‘ng yoziladigan maqola strukturasi bo‘yicha ish boshlanadi. IMRAD (Introduction, Materials/Methods, Results and Discussion) deb nomlangan bazaviy strukturaga ko‘ra avval maqola nima haqda ekani, qo‘yilgan muammo, kutilayotgan natijalar qisqa yoziladi. So‘ng ushbu maqoladagi tushuncha va g‘oyalar tizimiga ta’rif beriladi, maqola uchun tatbiq etilayotgan metodlar tavsiflanadi. Maqola uchun to‘plangan materiallar, metodlar asosida olingan natijalar ko‘rgazmali shaklda ifodalanadi. Maqolaning oxirida esa ilgari surilgan g‘oya qo‘llanilgan metodlar asosida olingan natijalarga mos kelgani yoki kelmagani haqida muhokama bayon etiladi. Xulosa qismida tadqiqot davomida duch kelgan qiyinchiliklar, tadqiqotning kuchli va zaif nuqtalari, olingan natijalar tushuntiriladi.
Scopus bazasidagi jurnal talabidagi stildan kelib chiqib iqtiboslar rasmiylashtiriladi. Bu stillarning eng ommabopi dunyoda 15 dan ortiq. Eng ko‘p Vancouver, Council of Biology Editors, MLA, Harvard, Chicago, NLM, APA iqtibos olish va havola qilish stillaridan foydalaniladi.
Scopus bazasidagi har qanday jurnalda maqola chop etish uchun albatta maqola nomi, annotatsiyasi va kalit so‘zlari bo‘lishi kerak. Maqola nomi 10-15, annotatsiya 150-300, kalit so‘zlar 4-6 ta bo‘lgani maqsadga muvofiq.
Maqola tayyor bo‘lgach, uni akademik ingliz tiliga tarjima qilinadi. Bunda maqolada bayon qilingan fikr to‘laligicha ingliz tilida ayni ma’no aks ettirishiga jiddiy e’tibor qilish lozim.
Maqola ingliz tiliga professional tarjima qilingandan keyin Scopus bazasidan muvofiq jurnal qidiriladi. Aslida Scopus bazasining o‘zida Journal Finder xizmati mavjud. Jurnal tanlayotganda mavzu bo‘yicha adabiyotlar qidirilganida qaysi jurnallarda ko‘proq mavzu doirasidagi maqolalar chiqqan bo‘lsa, shu jurnallarga murojaat qilgan ma’qul.
Aldanib qolmaslik uchun...
Ana shu nuqtada ko‘pgina ilmiy tadqiqotchi hamyurtlarimiz “yolg‘onchi” jurnallarga duch kelib qolishadi. “Yolg‘onchi” jurnallar 3 xil bo‘ladi: “yirtqich” jurnallar, klon-jurnallar va feyk jurnallar. “Yirtqich” jurnallar (Jurnalы xinik) avvaliga Scopus bazasida indekslanadi, ammo faoliyatini suiiste’mol qilib har qanday materiallarni ham chiqaraveradi, natijada bazadan chiqarib yuboriladi.
Klon jurnallar esa ba’zi jurnallarning to‘liq kopiyasi bo‘lib, ular nomidan ish olib boradi. Feyk jurnallar esa Scopus bazasida umuman mavjud bo‘lmaydi. Bunday jurnallar domiga tushmaslik uchun ba’zi nyuanslarga e’tibor berish kerak. Haqiqiy jurnallar maqolalarni uzoq muddat (1 yilgacha) ko‘rib chiqadi, ma’lum sohaga ixtisoslashadi, maqolalar har sonida proporsional ravishda bir xillikka ega bo‘ladi, qabul qilingan aniq ilmiy metrikalar ko‘rsatilgan bo‘ladi, nufuzli bazalarda ko‘rinib turadi, qanday xizmatlar uchun to‘lov (maqolani ko‘rib chiqish, muharrir xizmati, taqrizchi mehnati, maqolani chop etish) qilinayotgani ravshan ko‘rsatiladi. Scopusda bepul maqola chiqarish deyarli mumkin emas.
Oxirgi bosqich
Scopus bazasidan 2-3 ta mos jurnal tanlangach, bittasiga maqolani jo‘natib, ulardan keladigan javobni kutish kerak. Hammasiga baravar jo‘natish etikaga to‘g‘ri kelmaydi. Jurnal tarafidan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf qilishda hamkorlik qilishga ham to‘g‘ri keladi. Shundan so‘ng chop etishga tayyor bo‘lgan maqola uchun jurnal ma’lum mablag‘ so‘raydi. Shuncha bosqichlardan o‘tgan maqola Scopus bazasida indekslanadi.
Dilnoza UMAROVA,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar univesiteti tayanch doktoranti
O‘zA
Comments
0 comment