qarashlar
Ukraina tomonida jang qilayotgan “Rossiyaga ozodlik” legioni va “Sibir batalyoni” 12-martga o‘tar kechasi Rossiya chegarasini kesib o‘tib, rus armiyasi bilan to‘qnashganini ma’lum qildi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.
“Rossiyaga ozodlik” legioni vakillari “rejimdan yerimizni santimetr-santimetrigacha qaytarishni va’da beramiz”, degan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, taxminan soat 03:00 larda Xarkov viloyati Odnorobovka qishlog‘idan oldinga siljiyotgan 50 kishilik guruh Belgorod viloyati chegarasiga hujum qilgan.
Rossiyaning boshqa Z-kanallariga ko‘ra, diversantlar tanklar va bronetransportyorlarda bo‘lgan. “Sladkov+” otryadlar chegarani buzib o‘ta olmaganini va rus kuchlari bir nechta zirhli texnikani yo‘q qilganini yozmoqda.
Shuningdek, to‘qnashuvlar chog‘ida ikki kishi jarohatlangani, ulardan biri Tetkino qishlog‘ida yashashi, ikkinchisi haqida hozircha ma’lumot yo‘qligi aytilmoqda.
Davlat dumasining sobiq deputati Ilya Ponomarevning ta’kidlashicha, “Rossiyaga ozodlik” legioni va “Sibir batalyoni” Belgorod va Kursk viloyatlariga kirgan. Xususan, ular Belgorod viloyatidagi Lozovaya Rudka chegarasini nazoratga olgan. Shuningdek, Rossiya ko‘ngillilar korpusi ham Rossiya hududiga kirib kelgani aytilmoqda.
Ukraina razvedkasi vakili Andrey Yusovning aytishicha, sanab o‘tilgan barcha tuzilmalar Rossiya fuqarolaridan iborat bo‘lgani sababli mustaqil bo‘linmalar sifatida ishlaydi.
Rossiya hukumati Ukraina bilan chegaradagi janglar haqida rasman xabar bermadi.
Comments
0 comment