qarashlar
Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov Rossiya va O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.
Oljas Bektenov mart oyida ikki davlat hukumat rahbarlari bilan uchrashadi, tashrifning aniq sanasi ma’lum qilinmagan.
U rossiyalik hamkasbi bilan savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari erishgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qiladi.
O‘zbekiston bosh vaziri bilan esa savdo va sarmoyaviy hamkorlikni, jumladan, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va transport-logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilish rejalashtirilgan. Bu Bektenovning Qozog‘iston bosh vaziri lavozimidagi xorijga ilk ish safarlari bo‘ladi.
6-fevral kuni Qozog‘iston respublikasi prezidenti administratsiyasi rahbari bo‘lgan Oljas Bektenov bosh vazir etib tayinlandi. Uning nomzodini “Amanat” partiyasi taklif qilgan, respublika prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham uni qo‘llab-quvvatlagan.
Shu tariqa Bektenov ushbu lavozimda 2022-yil yanvaridan Vazirlar mahkamasini boshqarib kelgan Alixon Smoilov o‘rnini egalladi. Yangi bosh vazir mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga e’tibor qaratishini ta’kidladi. U hukumat sun’iy intellekt va yangi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish niyatida ekanini ham ma’lum qilgan edi.
Comments
0 comment