menu
“Qodiriy otilgandayam yopilmagandi”. “Mushtum” jurnali faoliyatini to‘xtatgani maʼlum qilindi 
Jurnal yopilishiga moliyaviy qiyinchiliklar sabab bo‘lgani aytilmoqda

O‘zbekistonda 101 yildan beri chop etib kelinayotgan “Mushtum” jurnalining faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda jurnalning Telegram kanalida rasmiy xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, jurnal yopilishiga iqtisodiy qiyinchiliklar sabab bo‘lgan. Shu bois uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari vaqtincha faol bo‘lmaydi. 

Jurnal yopilishi haqida xabar berilgach, ijtimoiy tarmoqlar faollari o‘z munosabatlarini bildirmoqda. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov X ijtimoiy tarmog‘ida “Mushtum” faoliyati to‘xtatilganiga ishora qilib, “Qodiriy otilganda ham yopilmagandi”, deya yozib qoldirdi.

Bloger Shahnoza Soatova Facebook’da Abdulla Qodiriydan meros nashrni davlat muhofazasiga olishi kerakligi haqida yozdi.

Telegram tarmog‘idagi “Masofatalim” kanalida ham “Mushtum” jurnali yopilishi borasida munosabat bildirildi.

Maʼlumot uchun, “Mushtum” davlat va jamiyat muammolarini hajv yo‘li bilan yoritadigan jurnal bo‘lib, unga taniqli yozuvchi Abdulla Qodiriy va dramaturg G‘ozi Yunus asos solgan. Jurnal ilk bor 1923-yil 18-fevralda chop etilgan. “Mushtum” karikaturalari, felyeton, pamflet va hajviya janrlaridagi materiallari bilan mashhur.

Avvalroq AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik “Mushtum” jurnalini 100 yillik yubileyi bilan tabriklash maqsadida nashr tahririyatiga borgani xabar qilingandi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!