menu
“Qabr qazishdan to‘ydik. O‘lim bu taqdir, lekin urush tugashini xohlayman ” — g‘azolik go‘rkov
G‘azo sektorida qurbonlar soni ortib borayotgani sababli Ibrohim Ahmad uy qurish o‘rniga qabrlar qazimoqda. U kasbidagi qiyinchiliklar haqida gapirib berdi

Isroilning G‘azoga qilgan hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 30 ming kishidan oshib ketdi. Qurbonlar ortib borayotgani sababli Ibrohim Ahmad quruvchilik kasbini go‘rkovlikka o‘zgartirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

G‘azoning 2,3 millionlik aholisi kabi uyidan ko‘chirilgan Ahmad Rafahdagi Tal Al-Sulton qabristonidagi qumloq yerlarda qabrlar qazib, qabr toshlari yo‘qligi uchun ularga sement bloklar o‘rnatadi.

Ibrohim Ahmad quruvchi qilganida ish faoliyati qiyin bo‘lgani, lekin uyga yaxshi kayfiyat bilan qaytgani, hozirgi falastinliklar nigohida tushkun holat saqlanib qolganini aytdi.

Go‘rkovlikni to‘xtatishni xohlardim. O‘lim bu taqdir, u Xudoning amri, lekin urush tugashini xohlayman. Shunda qabrlar qazish o‘rniga, mamlakatni qurardik, uni tiklardik. Qabrlar qurishdan to‘ydik. Xudo xohlasa, turar joy binolari qurishimizga, bu yurt uchun yangi ufqlar ochib, uni qayta tiklashimizga umid qilaman. Hafsalamiz pir bo‘lgan darajaga yetdik.

O‘zim yaxshi ko‘rgan villalar va binolar qurishdan go‘rkovlikka o‘tishim qiyin. Lekin muammo emas, ishlaylik, dedim. Haqiqat shuki, qabr qazish oson emas, qiyin ish. Bu yerda 3-4 oydan beri ishlayapman va  ko‘p narsalarni kashf qildim. Tabiiy sabablar yoki havo hujumlarida halok bo‘lganlar tufayli ko‘mishga olib kelingan jasadlar soni ko‘p. Odatdagi raqam ikki-uch kishi, bu ko‘rsatkich haftasiga emas, kuniga shunchani tashkil etadi. Ammo ayrim kunlari bizga 30-40 jasad keladi, bu juda katta raqam, — deydi Ahmad.

Go‘rkov u ishlayotgan joyda ikkita ommaviy qabriston borligi, birida 80 kishi, ikkinchisiga 100 kishi ko‘milganini aytdi. 

Bu yerda odamlarni tekinga dafn etishadi, bu ish uchun hech kim pul olmaydi. Lekin bu yerdagi ahvolimiz bizni dafn etilganlar sonining yukini ko‘tarishga majbur qiladi. Bundan oldingi ishim qiyin edi, lekin uyga muvaffaqiyat hissi bilan qaytardim. Yangi narsalar qilardim, har kuni boshqa bino, boshqa dekoratsiya. Yaxshi kayfiyatda uyga kelardim. Hozirgi ishim asli kasbim bo‘lmasa ham, muqobil variant yo‘qligi sababli kasbim deb hisoblashim kerak. Bugungi hayotim avvalgisiga o‘xshamaydi.

Uyga ketasan, ertalab qabristonga kelasan, ishlaysan, odamlarni ko‘rasan. Bir xil yuzli turli odamlarni ko‘raman, azoblari bir. Bu depressiyani keltirib chiqaradi. Odatdagi tartibday uyga qaytasan, hatto uyda ham o‘zingni qulay his qilmaysan, chunki ertasi kuni qabrga borasan. Yashash yo‘q, shunchaki vaqt o‘tayotganini ko‘rasan. Kelajaging qanday? Farzandlaringni kelajagi qanday? Qaysi narsalarni rejalashtirish yoki qilish kerak? Farzandlarni o‘qitish va ularga boshqa ko‘p narsalarni o‘rgatish kerak, lekin hafsalang pir bo‘ladi, umidingni yo‘qotasan, bunday vaziyatda nima qilish mumkinligini bilmaysan. Xudoga iltijo qilaman, bir yechim topiladi, biz va farzandlarimiz uchun yaxshi kelajakni ko‘ramiz, — ta’kidlaydi go‘rkov.

Ibrohim Ahmad o‘lim, vayronagarchilik, binolarni buzish, odamlarni ko‘chirish yetarli ekanini aytdi. U urush to‘xtab, G‘azo sektori qayta tiklanishiga ishonch bildirdi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!