menu
Putinni hibsga olishga order bergan sudya Xalqaro sud rahbari bo‘ldi
U Rim statutini hali ratifikatsiya qilmagan davlatlar bilan ham muloqotni kuchaytirmoqchi

Yaponiyalik sudya Tomoko Akane Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudning (XJS) yangi rahbari etib saylandi. U bu lavozimni 2027-yilgacha boshqaradi. Bu haqda XSJ saytida ma’lum qilindi.

U Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan uch sudyadan biri edi. Akane yangi lavozimda polshalik sudya Pyotr Xofmanskiy o‘rnini egalladi.

XJS Putin va Belovani hibsga olish uchun orderni bir yil avval, 2023-yil martida chiqargan. Ular 2022-yil 24-fevraldan boshlab “Ukrainaning bosib olingan hududlaridan aholini (bolalar) Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda” gumon qilinmoqda.

Kreml sud qarorini huquqiy nuqtayi nazardan “haqiqiy emas” deb atagan, chunki Moskva XJS yurisdiksiyasiga kirmaydi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Lvova-Belovaning hibsga olinishi haqidagi savolning o‘zini “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb baholagan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!