menu
O‘zbekistonda elektron sigaretalarni butunlay taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi qabul qilindi
Bunday sigaretalarda nikotin moddasidan tashqari kanserogen, 80 xil zaharli kimyoviy birikmalar va og‘ir metallar mavjud

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 24-yanvardagi majlisida elektron sigaretalarni butunlay taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Majlisda ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekistonda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish) taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Majlisda qayd etilishicha, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan deputatlar bergan takliflar asosida undagi normalar takomillashtirildi va loyiha matni maromiga yetkazildi. Qonun loyihasining qabul qilinishi aholining hayoti va sog‘lig‘ini yanada himoya qilish, millat genofondini saqlash, atrof-muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Mutaxassislarning fikricha, elektron sigaretalarda nikotin moddasidan tashqari kanserogen, zaharli bo‘lgan 80 xil kimyoviy birikmalar va og‘ir metallar mavjudligi, ularning inson sog‘lig‘iga, atrof-muhitga jiddiy ziyoni aniqlanmoqda. Xususan, organizmda nikotinga qaramlik oshishi bilan birga bolalar va o‘smirlarda miya shakllanishiga, intellekt, bilim va qobiliyatning pasayishiga olib kelishi mumkin.

Deputat Alisher Qodirov bu hozir to‘xtatilmasa 20 yildan keyin hech qanday qonun yordam bera olmasligini aytgandi.

Milliy tiklanish partiyasi 2021-yildayoq elektron sigaretalarni cheklashni taklif qilgandi.

Senat 2022-yilning iyunida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunni bir qancha asoslar sabab rad etgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2024-yilning aprel oyida bir qator tamaki va nikotin mahsulotlari, elektron sigaretalar muomalasini taqiqlovchi, shuningdek, bu sohada javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama uchun eʼlon qilgandi.

Unda nikotin va tamaki mahsulotlarining “zamonaviy” yoki “innovatsion” turlari, xususan nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, ular uchun suyuqliklar, gellar, shu jumladan elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlari, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari O‘zbekistonga kirib kelishi va aholi, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida ularni chekish keskin ko‘paygani qayd etilgandi.

2021—2023-yillarda O‘zbekistonga qiymati 28,5 mln dollarlik 5,4 mln dona elektron sigaretalar import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga (2018—2020-yillarda 349 ming dollarlik 182 ming dona elektron sigaretalar import qilingan) nisbatan keskin ravishda – 80 baravarga oshgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!