qarashlar
O‘zbekistonda daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi belgilandi. Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi va 1-martdan kuchga kirdi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49-2-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (34 million so‘mdan 102 million so‘mgacha) miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar yuridik shaxslar aniqlangan huquqbuzarliklardagi aybini tan olganda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qo‘llaniladi.
Nizo mavjud bo‘lgan hollarda yoki yuridik shaxs vazirlik qarorini olgan kundan e’tiboran 1 oy ichida moliyaviy sanksiya summasini ixtiyoriy ravishda to‘lamagan hollarda, moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi masala sud tomonidan hal etiladi.
Ushbu o‘zgarishlar qonun kuchga kiritilgan kundan 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Comments
0 comment