menu
O‘zbekistonda 4 milliondan ortiq aholi kambag‘allikda yashamoqda — BMT hisoboti
BMT O‘zbekistonda kambag‘allik indeksi bo‘yicha hisobotini eʼlon qildi. Unda Qoraqalpog‘iston respublikasi, Namangan va Toshkent viloyatlari salbiy natija qayd etgan

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi 2023-yil uchun O‘zbekistonda kambag‘allik indeksi bo‘yicha hisobotini eʼlon qildi. Hisobot tashkilotning rasmiy sahifasiga joylashtirilgan.

Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekistonda katta yoshdagi aholining taxminan 18,4 foizi (4,2 million nafar fuqaro) kambag‘allik chegarasidan past darajada yashamoqda. Hisobotni tuzishda asos qilib olingan 34 ta indikator shunday xulosaga kelishga imkon bergan.

Kambag‘allik indeksida aholi shart-sharoitlarining iqtisodiy indikatorlarga muvofiq kelish intensivligi 43,7 foizni tashkil etadi. Yaʼni, o‘rtacha hisoblanganda, katta yoshdagi har bir fuqaro hisobotda keltirilgan ko‘rsatkichlarning kamida uchdan bir qismida keltirilgan imkoniyatlardan foydalana olmaydi.

Taraqqiyot dasturining kambag‘allik indeksi ,aslini olganda, aholi ijtimoiy-iqtisodiy holatidan tashqari, fuqarolar tomonidan o‘z huquqlari va ular uchun yaratilgan sharoitlardan foydalana olish imkoniyatini ham nazarda tutadi.

Kambag‘allik indeksini tuzib chiqishda ,asosan, taʼlim darajasi (13,7 foiz), oziq-ovqat xavfsizligi (11,7 foiz) va norasmiy bandlik (11,5 foiz) sektori haqidagi maʼlumotlar muhim rol o‘ynagan.

Aholi segmentlarining kambag‘allik darajasidan pastda deb belgilanishi uchun asos bo‘lgan kam shart-sharoitli sohalar qatorida sanitariya (14,0 foiz), bank hisobi (13,9 foiz), taʼlim darajasi (13,2 foiz), yoqilg‘isi (13,0 foiz) tarmoqlari muammoli mavzular sifatida keltirilgan.

BMT hisobotida barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha kambag‘al aholi qatlamining eng katta ulushi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (29,9 foiz), Namangan viloyati (27,5 foiz) va Toshkent viloyatida (26,5 foiz) ekanligi qayd etilgan. Aholi daromadlari, ijtimoiy taʼminot olishga imkoniyat, yoqilg‘i resurslari yetishmovchiligi indikatorlariga ko‘ra, ushbu hududlar qolgan viloyatlarga qaraganda bir muncha salbiy natija qayd etgan.

Chekka va qishloq hududlarida reyting juda past. Yirik shaharlarda kambag‘allik indeksi o‘rtacha, 13,9 foizni tashkil etsa, nisbatan olis hududlarda 23,2 foizni tashkil etishi aytilgan.

Hisobot shuningdek, O‘zbekistonda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi kambag‘allik darajasi tafovutlariga ham eʼtibor qaratgan. Erkaklarda indeks 21,6 foizni, ayollar o‘rtasida esa 15,2 foizni tashkil etgan.

BMT hisobotida ,shuningdek, O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish borasida erishgan yutuqlari va istiqbolli rejalari haqida ham aytib o‘tiladi. Unga ko‘ra, mamlakatning so‘nggi 20-yildagi islohotlari tufayli kambag‘allik darajasi 2000-yildagi 24 foizdan 2022-yilda 11,5 foizga pasaygan. Hukumatning astoydil harakatlari tufayli 2020-yilga kelib 2,2 million kishi qashshoqlik chegarasidan olib chiqilgan.

Hisobotda O‘zbekistonning 2026-yilgacha qashshoqlikni ikki baravar kamaytirish va 2030-yilgacha o‘rtacha aholi daromadi darajasiga erishish bo‘yicha oldiga qo‘ygan maqsadlariga alohida urg‘u berilgan. Hukumat tomonidan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi va O‘zbekiston-2030 davlat dasturi barqaror va inklyuziv bozor iqtisodiyotiga erishish va investitsiyalarni jalb qilish borasida muhim omil bo‘lgani taʼkidlangan.

Hisobot O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan 2030-yilgacha mamlakatda qashshoqlikni to‘la bartaraf etish rejasi chuqur asoslarga ega ekanligiga ishonch bildiradi. Mamlakat mo‘tadil rivojlanishni taʼminlamoqda. Bu esa kambag‘allikka qarshi kurashdagi eng katta omil sifatida ko‘riladi.

Maʼlumot o‘rnida, oldinroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda statistika agentligi 2023-yil uchun O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi tahlilini eʼlon qilgan edi. Tahlilda kambag‘allik darajasi 2023-yilda oldingi yilga nisbatan 3,1 foizga kamayib, 11 foizda to‘xtagani maʼlum qilingan edi. Shuningdek, statistika agentligi tahliliga ko‘ra, yakunlangan yilda kambag‘allik qisqarishi bo‘yicha nisbatan past ko‘rsatkichlar Toshkent, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan. Tahlilda ,shuningdek, o‘tgan yilda 4.1 million aholi mehnatga jalb qilingani, ulardan 2.3 millioni doimiy va mavsumiy ishlarga, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘naltirilgani, 1,6 million nafar aholi vakillari esa o‘zini o‘zi band qilgani aytilgan.

O‘zbekistonda yakunlangan yildagi kambag‘al aholi reytingi bo‘yicha iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri birinchi o‘rinbosari Akmaljon Ortiqov ham maʼlumot bergan edi. Unda O‘zbekiston aholisining 12-15 foizi yoxud 4-5 million aholi kambag‘allik darajasidan past sharoitda yashashi aytilgan.

 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!