menu
O‘zbekistonda 2019-yildan beri 1000 dan ortiq manba taqiqlangan — Oliy sud
Ushbu manbalardagi materiallar diniy aqidaparastlik, ekstremistik va terroristik g‘oyalarni targ‘ib etishga yo‘naltirilgan deb topilgan

O‘zbekistonda 2019-yildan hozirga qadar Oliy sudning qarori asosida 1 000 dan ortiq manba taqiqlangan. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 2019-yildan bugungi kunga qadar Oliy sudning 80 dan ziyod hal qiluv qarori asosida internet tarmog‘idagi, xususan, Meta (Facebook), “Odnoklassniki”, Instagram va TikTok ijtimoiy tarmoqlari, Telegram mobil messenjeri, YouTube videoxostingi va boshqa 1 000 dan ortiq manba va ulardagi materiallar diniy aqidaparastlik, ekstremistik va terroristik g‘oyalarni targ‘ib etishga yo‘naltirilgan deb topilib, ularni O‘zbekiston hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.

Jinoyat kodeksining 244-1-moddasiga muvofiq diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga daʼvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning may oyida Jizzaxda 19 yoshli yigit taqiqlangan diniy material tarqatgani uchun sudlangani, shuningdek, Farg‘onada ijtimoiy tarmoqda diniy mazmundagi maʼruzalarni tarqatib kelgan shaxs jarimaga tortilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!