menu
Navoiyda dars payti maktab o‘quvchilari sochi olindi. Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi
“Mazkur harakatga yo‘l qo‘ygan masʼullarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi zarur”, — deyiladi unda

Bolalar ombudsmani Navoiyda maktab o‘quvchilari dars payti sport zalga yig‘ilib, sochi olingani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.

“Kun.uz”ning yozishicha, Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabida o‘g‘il bola o‘quvchilarning ommaviy ravishda sochini olish “tadbiri” o‘tkazilgan. Manbaga ko‘ra, maktab direktori tashabbusi bilan maktabga sartarosh chaqirilgan hamda turli sinflardan o‘g‘il bola o‘quvchilar sport zalga yig‘ilib, sochi olingan. Jarayonni Milliy gvardiya xodimlari ham kuzatib turgan.

Qayd etilishicha, holat Bolalar ombudsmani tomonidan o‘rganilmoqda.

Hozirda bu kabi nomaqbul holatlarning boshqa taʼlim muassasalarida ham yuzaga kelmasligi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil sentyabrda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 142-sonli maktabda ichki ishlar organlari xodimlari, maktab ma’muriyati hamda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan profilaktik suhbat jarayoni aks etgan video va fotosurat tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!