qarashlar
Iqtisodiy tahlilchi Jamshid Muslimov “Daryo” bilan suhbatda hokimlarni taʼlim masalalariga aralashib, maktab direktorlari va o‘qituvchilarga maslahat berishini noto‘g‘ri ish ekanini aytib o‘tdi.
Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, maktablar uchta boshqaruv bo‘g‘inlari bilan tartibga solinishi kerak. Ulardan birinchisi - taʼlim vazirligi, ikkinchisi - professional o‘qituvchilar uyushmasi, uchinchisi – maktabdagi ota-onalar jamoatchiligi.
Iqtisodiy tahlilchi suhbat davomida maktablarda milliy gvardiya xodimlarining faoliyat olib borishi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Bolalarning xulqi og‘irligi va uning salbiy taʼsirlari ham tizimli, ham tabiiy muammo. Bunday muammo barcha jamiyatlarda bor. Yaʼni jamiyatlar uchun tabiiy holat. Bu vaziyatda velosiped ixtiro qilish kerak emas. Bu masala bilan shug‘ullansa bo‘ladi. Chunki bu bir vaqtlar fan darajasida o‘rganilgan. Hozir shuni tashkil qilish kerak xalos. Birinchi galda, maktabdagi xulqi og‘ir bolalar bilan shug‘ullanadigan mutaxassisning huquqi va bilimi bo‘lishi kerak. Ichki ishlar vazirligida xulqi og‘ir bolalar bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar mavjud. Agar ularni soni kam bo‘lsa, ularni ko‘paytirish zarur va ular maxsus tayyorgarlikdan o‘tishlari kerak.
Maktab bolalari so‘roq qilinadigan bo‘lsa, bu faqat va faqat ota-onalarning roziligi va ishtirokida amalga oshirilishi kerak. O‘qituvchilar bo‘lsa, faqat ular maktab doirasida so‘roq qilishlari mumkin. Bolalarga o‘ta vahshiylik qilish xos odat. Lekin bu bilan shug‘ullanish har kimning vazifasi emas. Agar milliy gvardiya xodimlari shu ish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsa, xodimlar maxsus kurslarni o‘qib tugatishi zarur. Yaʼni ularni qo‘lida yo‘riqnoma bo‘lishi kerak.
To‘g‘ri, bolalarni cho‘ntagida pichoq bo‘lishi mumkin. Bunda bolaning huquqlari taʼminlangan holda, ota-ona yoki maktab direktorining huzurida bolaning cho‘ntaklari tekshirilishi kerak. Bu yerda “bolaning huquqi katta odamning huquqidan ustunroqmi”, degan savol tug‘iladi. Bola birinchi galda — bola, u ko‘p narsani anglamaydi. Shuning uchun u o‘zini himoya qila olmaydi. Shuning uchun ularning huquqiga eʼtibor qilish zarur, – dedi iqtisodiy tahlilchi.
Jamshid Muslimovning ta’kidlashicha, tayyorgarlikdan o‘tmagan milliy gvardiya xodimlarini maktabga jalb qilish xuddi yong‘inga qarshi tayyorgarlikdan o‘tmagan o‘t o‘chiruvchilarni yuborishga o‘xshaydi. Shuning uchun milliy gvardiya bolalar gvardiyasi bo‘ladigan bo‘lsa, ular maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi kerak.
Comments
0 comment