menu
Faol nuroniylarni kambag‘al oilalarga biriktirish tartibi belgilandi
Faol nuroniylar biriktirilgan oilalar bilan ishlashda mahalla yettiligi bilan o‘zaro hamkorlik qiladi

Hukumat qarori bilan “Faol nuroniylarni kambag‘al oilalarga biriktirish hamda mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizom faol nuroniylarni kambag‘al oilalarga biriktirish hamda mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etish, shuningdek, kambag‘al oila farzandlariga ta’lim olishlari uchun o‘quv jihozlari va qurollari, sport kiyimlarini xarid qilish, keksa fuqarolarning sport tadbirlarida ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish tartibini belgilaydi.

Belgilangan tartibda tanlab olingan uch nafardan faol nuroniylarga yashab turgan joyi bo‘yicha 5 tadan kambag‘al oila olti oy muddatga biriktiriladi.

Faol nuroniylar biriktirilgan oilalar bilan ishlashda mahalla yettiligi bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

“Nuroniy” jamg‘armasi va tanlab olingan faol nuroniylar o‘rtasida faol nuroniylarni rag‘batlantirish maqsadida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar rasmiylashtiriladi.

Tanlab olingan faol nuroniylar ularga yuklangan vazifalarni bajarishlari uchun “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida rag‘batlantiruvchi to‘lovlar ularning roziligiga ko‘ra bank plastik kartalariga to‘lab beriladi.

Avvalroq oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga nuroniylar jalb etilishi haqida xabar berilgandi. Oilalarni kambag‘allikdan chiqarishda nuroniylarning asosiy faoliyat yo‘nalishlarida quyidagilar amalga oshiriladi:

O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish

Shavkat Mirziyoyev mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan 2024-yilning sentyabrida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishini, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotganini aytgandi. Dastur shu yilning o‘zida 500 ming, 2025-yilda yana 1 million kishini kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan.

24-sentyabr kuni “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilishi belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan 11-sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Odamlarga qancha yordam bermaylik, mahallalar sharoitini yaxshilamasak, kambag‘allik qisqarmaydi”, deb aytgandi.

Shu bois kelgusi yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan 1,6 milliard dollar ajratiladi. Bu mablag‘larning 1,2 trillion so‘mi, avvalo, eng og‘ir 300 ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari o‘rnatishga beriladi. Yana 2 trillion so‘m hisobidan eng og‘ir 500 ta mahallada elektr, yo‘l, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi.

O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida kelgusi yili byudjetdan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda davlat rahbari 19-noyabr kuni Senatning parlament saylovidan keyingi birinchi majlisida e’lon qilgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!