menu
Germaniyada erkak kovidga qarshi 217 marta emlandi. Olimlar uning organizmini o‘rgandi
Erkak “shaxsiy sabablarga ko‘ra” me’yordan ortiq emlanganini aytgan. Germaniya rasmiylari unga qarshi jinoiy ish ochmagan

Koronavirusga qarshi 217 marta emlangan 62 yoshli nemis erkak ilmiy tadqiqot mavzusiga aylandi. Germaniyalik tadqiqotchilar uning organizmini o‘rganib, natijalarini Lancet Infectious Diseases tibbiy jurnalida chop etdi.

Erkak to‘qqiz oy ichida 130 ta vaksina olgani haqida maqola e’lon qilingach, tadqiqotchilar u bilan bog‘lanib, izlanish o‘tkazishni taklif qilgan. U “shaxsiy sabablarga ko‘ra” 200 martadan ortiq emlanganini bildirgan. Germaniya rasmiylari unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atmagan.

Tadqiqot uchun erkak qon namunalarini, jumladan, yangi, eski qon tahlili natijalari va so‘nggi yillarda muzlatilgan qon namunalarini bergan. Dastlab mutaxassislar me’yordan ortiq emlanish immun tizimining charchashiga olib kelishi mumkinligini taxmin qilgan. Sababi organizmga infeksiya kirganida vaksinalar tananing mudofaa qobiliyatini tezlashtiruvchi, kutish rejimida bo‘lgan immun hujayralarini yaratadi.

Ammo, aslida, erkakda standart uch dozali vaksina olganlarga nisbatan T-hujayralari deb nomlanuvchi immun hujayralari ko‘proq chiqqan. Bu hujayralarda hech qanday charchoq aniqlanmagan. Mutaxassislar bu oddiy dozada vaksina olgan odamlar kabi samarali ekanini aytmoqda.

Hatto 217-emlanishda ham vaksina ta’siri saqlanib qolgan: erkakning koronavirusga qarshi antitanachalari “sezilarli darajada oshgan”. Erkak tadqiqot davomida yana bir vaksina olgan. Mutaxassislar qon namunalarini olib, u orqali immun tizimi reaksiyasini aniqlagan.

Tadqiqotchilar o‘z izlanishlariga tayanib, “gipervaksinatsiyani adaptiv immunitetni oshirish strategiyasi sifatida ma’qullamasliklarini” ta’kidlagan. Mutaxassislar garchi erkak kovidga chalingani haqida hech qanday alomat topa olmasalar ham, ular “gipervaksinatsiya rejimi” va infeksiyadan qochish o‘rtasida bog‘liqlik o‘rnatishga qodir emasligini bildirgan.

Germaniyada 60 milliondan ortiq odam koronavirusga qarshi emlangan va ularning aksariyati bir necha dozani olgan. AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari 65 yosh va undan oshganlarga koronavirus vaksinasining ikkinchi dozasini olishni tavsiya qildi, chunki ular virusdan og‘ir kasallikka chalinish xavfi yuqori.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!