menu
“Fuqarolar organ xodimlarini tasvirga olishi va tarqatishi mumkin” — Senat bahslarga sabab bo‘lgan qonunni maʼqulladi 
“Qonunda oldingi tahrirdan farqli ravishda, organ xodimining foto yoki videosini ijtimoiy tarmoqqa joylaganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti. Soha xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati to‘liq saqlanib qolmoqda”, deydi senator

Bugun, 24-yanvar kuni Senatda “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 2023-yil 28-noyabr kuni maʼqullab, Senatga yuborgandi. O‘shanda qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yangi kiritilishi aytilgan 195-prim 2 moddasi jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan.

Senat hujjatni birinchi marta 2024-yil 16-avgust kuni ko‘rib chiqqan va kamchiliklari borligi sabab takomillashtirish uchun Parlament kelishuv komissiyasiga qaytargan.

Bugungi muhokamada senator Qutbiddin Burxonov qator moddalar orasida 195-prim 2-modda ham to‘liq qayta ishlanganini aytdi.

Mazkur moddada huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto yoki videotasvirni ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, ushbu modda doirasida qonunbuzarlik sodir etilsa, BHMning 20 baravardan (7,5 mln so‘m) 50 baravargacha (18,7 mln so‘m) jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Qonunda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslikning salbiy oqibatlarining oldini olishga xizmat qiluvchi yangi normalar o‘rin olgan. Jumladan, hujjatda 2018-yildan buyon joriy etilishi kutilayotgan jarima ballari tizimi ham ishga tushirilishi belgilangan.

Hujjatga binoan, “Jinoyat kodeksi”ga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, kodeksda avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Shu bilan birga, avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs transport vositasini boshqarsa, metan, propan, dizel yoki gazsimon yonilg‘i aralashmasida ishlaydigan mashinada xavfsizlik qoidalarini buzish ham jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda transportda bezorilik, yaʼni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, avtomobilni keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun muhokamalardan so‘ng senatorlar tomonidan maʼqullandi. Endi hujjat imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun prezidentga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!