menu
Farg‘onadagi “Yoshlar ko‘li” hududi ochilganiga hali bir oy to‘lmagan firmaga turar joy qurishga berib yuborildi
Viloyat hokimi bu borada noqonuniy qaror chiqargan, uni bekor qilish so‘ralmoqda

Xayrullo Bozorovning qarori bilan Farg‘ona shahri markazidagi “Yoshlar ko‘li” hududi mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turar joy qurish uchun ochilganiga hali bir oy to‘lmagan firmaga berib yuborildi.

O‘zAning yozishicha, saxni 2,2 gektar bo‘lgan sun’iy ko‘l 2020-yilda ta’mirlangan, obodonlashtirilgan, chor atrofiga toza suv bilan ta’minlab turish uchun tik quduqlar chiqarilgan edi. 2021-yilga kelib va undan keyingi uch yil davomida u suv bilan to‘ldirilmadi, yozda ham faoliyat ko‘rsatmadi.

Kuni kecha esa Farg‘ona markazidagi “Yoshlar ko‘li”da buzish ishlari boshlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u Farg‘ona viloyati hokimining 2024-yil 29-yanvardagi qaroriga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tganiga hali bir oy ham to‘lmagan Unays building MCHJga mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turar joy qurish sharti bilan doimiy muddatga biriktirib berilgan.

Amaldagi qonunchilik va me’yoriy hujjatlarda yer maydoni emas, balki bo‘sh turgan binolargina tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun foydalanib turishga biriktirilishi mumkinligi belgilangan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Dilshod To‘lqinovning bildirishicha, oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilmagan, sababi — obyekt sotilmagan, tadbirkorga foydalanishga berilgan.

“Milliy tiklanish” partiyasi holatga munosabat bildirib, amaldagi qonunchilikka muvofiq, hokimlarning yer berish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati tugatilganini, shu nuqtayi nazardan, Farg‘ona viloyati hokimining mazkur qarori qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishi shart ekanini ma’lum qildi.

Shundan kelib chiqqan holda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bunday noqonuniy qaror chiqarish amaliyotini keskin qoraladi va Bosh prokuraturani ushbu masalaga huquqiy baho berilishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, prezident farmoni bilan 2021-yil 1-avgustdan boshlab hokimliklarning yerni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilishga oid vakolatlari bekor qilingan.

Farg‘ona viloyati hokimligi bu borada hozircha rasmiy munosabat bildirmadi. 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!